Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati Baxmal tumani bosh imom-xatibi Rahmonqul domla Mamatqulovga qizlari Mastura Tojiboyevaning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olib, iymon va solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila mukofotlasin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz