Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#Qabul_2025 #Magistratura
Shu yil 21 avgust kuni Toshkent islom instituti magistratura bosqichiga hujjat topshirgan talabgorlar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha quyidagi fanlardan ijodiy imtihon topshiradi:
Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti) mutaxassisligi bo‘yicha Aqoid va islom falsafasi fanlari;
Teologiya (Hadis ilmlari) mutaxassisligi bo‘yicha Hadis va Mustalahul-hadis fanlari.
2025 yil 22 avgust kuni chet tilidan test sinovi o‘tkaziladi. Test imtihoniga ruxsatnoma bilan kiriladi. Talabgorlar mazkur hujjatni @muslimqabulbot telegram botidan olishlari mumkin.
Imtihonlar ushbu kunlarda soat 8:00 da Toshkent shahridagi "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi binosida boshlanadi. Yarim soat oldin talabgorlar ro‘yxatga olinadi.
Imtihon manzili: Toshkent shahri, Fayzibaland ko‘chasi, 1-uy. (https://maps.app.goo.gl/8ggftBWRhyG37Aps8)
Qabul jarayoniga oid yangiliklarni kuzatib boring: https://t.me/qabulmuslimuz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati