O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijod uyi bosh direktori Sultonbek Imomnazarovning bobolari Imomnazar otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Sultonbek Imomnazarovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi