Zarafshon vohasi tarixida tariqatdan saboq berishni daʼvo qiluvchilar, soxta tariqatchilar ham uchraydi. Soxta tariqatchilar deganda, tasavvufning faqat tashqi jihatlariga, marosim va turli zikr majlislariga asosiy eʼtiborni qaratib, uning falsafiy-irfoniy xususiyatlaridan bexabar faoliyat yuritayotgan, muayyan bir kishini pir sanab, uning etagidan tutuvchi, jamiyatning boshqa aʼzolaridan chetlashib, pir xizmatini hayotdagi eng asosiy maqsad, deb biluvchi johil kishilar yoki jamoalar, guruhlar tushuniladi. Ular faoliyatida tasavvuf taʼlimotida, shariat ahkomlaridan kelib chiqib, qabul qilingan tartib-qoidalardan chetga chiqish holatlari ham kuzatilmoqda. Buning sabablaridan biri, ulardagi mutaassiblik gʻoyalarigina emas, tasavvuf tarixi, maqsadi va vazifalari toʻgʻrisida ilmiy asoslangan, misol va faktlar bilan isbotlangan tushuntirish ishlari yetarli emasligidadir. Baʼzi zamonaviy tariqat vakillari oʻz tariqatlaridagi ayrim harakatlari bilan kishilar eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ular ming yillar oldin shakllanib, muqaddas deb ulugʻlangan diniy ahkomlarning ildizlarini toʻla-toʻkis tushunmaydigan kishilar ongini zaharlamoqda.
Tariqatga kirgan kishiga ilmning shart emasligi va hatto ilmni tark qilish afzalligi toʻgʻrisidagi masala ham, ayni paytda, dolzarb.
Soxta shayxlar johil, ilmsiz sufiylar va botil tariqatlar tasavvufda qattiq tanqid ostiga olinadi. Ilm talab qilishni rad etuvchi “tariqatchilar” quyidagilarni dalil qilib keltiradi: “Avvalo, ilmning mohiyati ibodatga vosita boʻlishdir. U orqali inson Robbini taniydi va unga bandalik qilishga harakat qiladi. Modomiki, inson Allohga ibodat qilish yoʻliga oʻtgan ekan, unga ilmning keragi yoʻq” [12]. Tariqatchilar faoliyatida ham islomga mutanosib kelmaydigan baʼzi bidʼat va xurofotlar borki, ularni ilmiy asosda bartaraf etish zarur.
XVII asrda Ahmad Sirhindiy aynan shunday masalalarni isloh qilish maqsadida “Maktubot” [5] asarini yozgan. Asarda tasavvufning mohiyatini sodda iboralar bilan sharhlab, yot qarashlarga ishonchli hujjat va dalillar bilan raddiya bergan. Uning maktublari oʻz davridan koʻra koʻproq kelajakka xitob [4] qilgan. Ular oʻz davridan koʻra kelajakka atalgan maktublardir.
Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojizin” asari aqida, fiqh, tafsir, hadis, tarix, siyrat va adab ilmlarini oʻzida jamlagan moʻtabar manbadir. Unda islom asoslarini oʻrgatuvchi eng muhim fan boʻlgan aqidaga oid masalalar turkiy tilda sharhlangan. Asarda Alloh taoloning maʼrifati, tavhidi, sifatlari, imon, farishtalar, qabr azobi, qiyomat, umrning foniyligi haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, avliyolar karomati, piri komillar, rizo va sabr, tama, dunyo hiylalaridan qochish, kibr, tavakkul, darveshlik, muloyimlik, ezgulik, haqirlik, sadoqat kabi inson kamolotini belgilovchi fazilatlar va holatlar sodda til va taʼsirchan ruhda bayon etilgan. Shuningdek, oʻsha davrdagi oʻn toʻrtta bidʼat taʼlimot jiddiy tanqid qilinib, ularning muddaolari oʻrinsiz ekani ochib berilgan.
Soʻfi Ollohyor – ravshaniya, abbosiya, hubbiya, malohid, avliyoiya, hululiya, huriya, voqifiya, mutakosila, ilhomiya va iddaoiya kabi “soxta tariqat”lar va ularning notoʻgʻri “iddao”lariga munosib raddiya bergan.
Jumladan, hurufiylar ikki guruhga boʻlingan: avboshiylar va ravshaniylar. Ravshaniya – hurufiylardan ajralib chiqqan boʻlib, jahriy zikr bilan shugʻullangan. “Jazba ahlimiz” deb, devona qalandar boʻlib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurgan. Oqshomlari jam boʻlib, turli musiqa asboblari – nay, qoʻbiz kabilarni chalib, hikmatlar aytgan. Yigʻilgan xotinlar va yosh yigitlar joʻr boʻlib ashula aytgan [7]. Albatta, bu shariat va tariqat qoidalariga mutlaq toʻgʻri kelmaydi. Bu davrda avboshiylar koʻpayib ketgani taʼkidlangan.
Abbosiya – fahsh va giyohvandlikka mubtalo boʻlgan. Hubbiyalar esa Allohni qattiq sevsa, shariat ahkomi soqit boʻlishini aytishgan.
Soʻfi Ollohyor bunday deydi:
“Yaqin bilgilki, baʼzi nomusulmon,
Demish: “Vaqtiki qurbat topsa inson,
Koʻtarur Haq shariat hukmin andin”,
Boʻlur yuzi qaro mundogʻ degandin.
Bu botil soʻz erur qavli malohid,
Shariatga erur ul firqa johid”.
Bularni tanqid qilib yuzi qaro boʻlgani, bu botil soʻz ekanini taʼkidlab, malohidlarning bu iddaolari shariatga zidligini tushuntirib, keskin raddiya beradi. Asrlar davomida shakllangan islomiy dunyoqarashning buzilishi va nosogʻlom muhitning vujudga kelishiga sabab boʻladigan bu taʼlimotlarga ergashmaslikka chaqiradi. Takabbur boʻlmaslik, qiyomatda nasabdan soʻralmasligi, “qoracha” “xoja”dan yoki “muallim” “sayyid”dan yuqori turishi mumkinligi tushuntirilgan. Bu illatlarga birgalikda kurashish [7] zarurligi taʼkidlangan.
Jaloliddin Rumiy bunday deydi:
Nist dunyo nuqrahu farzandi zan,
Chist dunyo? Az Xudo gʻofil budan.
Yaʼni sen boylikni ham, ayol va farzandni ham dunyo deb bilma, ulardan yuz ham burma! Seni nima gʻaflatda tutsa, nima haqiqatdan uzoqlashtirsa ana shuni dunyo deb bilgil. Insonning oilasi va yaqinlariga doimo mehr-oqibat bilan munosabatda boʻlishi chin insoniylik namunasidir.
Yuqorida nomlari zikr qilingan bir qancha botil tariqatlar paydo boʻldi va ularning barchasi ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha keskin tanqid ostiga olindi. Notoʻgʻri boʻlganligi bois ularning aksariyati tarix sahnasidan tushib qoldi.
Muayyan tariqat piri shariatdan bexabar boʻlsa, uning ortidan ergashganlar undan-da savodsiz boʻlsa, bu holat nima bilan yakun topishini tasavvur qilish mumkin. Ular atrofga jaholat tarqaladi va xalq maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mana shu kabi “soxta tariqat”chilarning “soxta” daʼvolari jamiyat orasida goh-gohida toʻlqinlanib turadi. Jumladan, “Pirga qoʻl bergan kishining qazo namozlari soqit boʻlishi”, “Puxta ilm olishlik shart emasligi”, “Chap qoʻl bilan sindirilgan nonni yemaslik”, “Pir tahorat qilgan suv muqaddasligi” kabi bir qator nosharʼiy iddaolari aholining turli tushunmovchiliklariga sabab boʻlmoqda.
Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallammuborak hadislaridan birida bunday deydilar: “Ummatimning eng yaxshisi oxirat ishi deb dunyo ishini, dunyo ishi deb oxirat ishini qoldirmaydiganlaridir”, dedilar.
Alloh taolo rohiblik, yaʼni tarkidunyochilik yoʻq ekanligi xabarini quyidagi oyatda marhamat qilgan: “Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar. Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat oʻzlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning koʻpi fosiqdurlar” (Hadid surasi, 27-oyat).
Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: “Islomda rohib (tarkidunyochi)lik yoʻq” [8:11].
Koʻrinib turibdiki, ayrim tariqatchilarning qilayotgan amallari shariat asoslariga ham, tariqat anʼanalariga ham toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, oddiygina insoniy mantiq mezoniga ham mos emas.
Tasavvuf asosi – Qurʼoni karim va sunnati mutahharo ustida bunyod etilgan. Tasavvuf qoidasi: “Har bir diniy fikriy yondashuv ilmiydir”. Tasavvuf har tomonlama qalbni soflash, tozalash, taftish qilish, tushunish va muloqot qilishni talab qiladi. Uning ichki qoidalari shariat fiqhiga asoslangan boʻlib, shariat kabi islohot va tadrij jarayonini ham qabul qiladi.
Yassaviya tariqati peshvolari “Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriyot surasi, 56) oyatidan maʼrifatni tushunishadi. Maʼrifatdan taʼbir esa ibodatga ishora boʻlib, maʼrifat ibodatsiz hosil boʻlmasligi [6] aytilgan.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab:
“Shuningdek (yaʼni haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik” [10] deydi.
Yaʼni bu ummat oʻz aqidasida, amal va hukmlarida moʻtadil boʻlgan ummatdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini oʻz kalomi sharifida alohida ulugʻlab, ularni haq yoʻl sari hidoyat qildi va amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki dinda chuqur ketish hamda dinning qatʼiy boʻlmagan ahkomlarida mutaassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning omilidir. Ularga shayton amallarini chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi sababli turli bidʼat, xurofot va hatto shirk amallar sodir boʻladi.
Shubha yoʻqki, tariqat peshvolari sababli bu din ahkomlari, shariat odoblarini alohida eʼtirof etish lozim. Biroq oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyari sifatida koʻrsatib, shariat ilmidan bexabar holda tariqatda peshvolikni daʼvo qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ham koʻz yumib boʻlmas holatdir.
Aslida shariat ahkomlarini joriy qilish yoki biror ibodatni farz qilish Alloh taologa va Uning izni bilan paygʻambarlariga xosdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish lozimligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar. Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deb turganlarida, oʻziga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni soʻrab kelgan muridga toqatidan tashqari vazifalarni yuklash, tarkidunyochilikni targʻib qilib, ibodatlarga mukkasidan ketishga buyurish sunnati mutahharoga zid yoʻldir. Holbuki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir” [2], deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini belgilab berganlaridan keyin ham tarkidunyochilikka targʻib qilib, “pirsiz yashashni dinsizlik” deb daʼvo qilayotganlar shariatning qaysi daliliga suyanmoqda?
Darhaqiqat, islom dini navqiron, bagʻrikeng dindir. Allohning dargohida shoh ham, gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham, sogʻlomu bemor ham najot izlab, oʻz ehtiyojini topish ilinjida ibodatga yuzlanadi. Islom esa ularning barchasining toqatidagi dindir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dinni boshqalarga yengil qilib tushuntiringlar, ogʻirlashtirmanglar. Hamda dindagi yaxshilik bashoratlarini yetkazinglar, ularni nafratlantirib qoʻymanglar” [1], deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar.
Baʼzan ayrim masjidlarda jamoadagi tariqat daʼvosidagi ayrim odamlarning oʻz imomlari ustidan shikoyat qilishlarini eshitib hayron qolamiz yoki ayrim namozxon birodarlarning boshqalarga “bosh kiyiming yoʻq, boʻyningda galstuk bor ekan, sening ibodating unaqa ekan, masjidga kelma”, “meni yonimda namoz oʻqima”, “sening ibodating ibodat emas”, degan soʻzlarni aytib, dil ogʻritganlarini yoxud tasavvuf daʼvosidagi ayrim kimsalarning boshqalar qoʻlidan, hatto onasi, xotini qoʻlidan taom yemasligi-yu oʻz tariqatida boʻlmaganlarni “kofir” deb aytishlari kishining hayratini yanada oshiradi.
Oʻzlarini tariqatga mansubligini daʼvo qilayotgan ayrim kimsalar mutaassiblikning shu qadar chuqur nuqtasiga yetganki, hatto bosh kiyimsiz namoz oʻqiydiganlarni, tariqatda boʻlmaganlarni kofir deyish darajasiga borib yetgan [9].
Dinda mutaassibona yoʻl tutib, faqat musulmon birodarini ayblaydigan, oʻziga maʼqul boʻlmagan ishi sabab uni kofirga chiqaradigan bunday kimsalarning masjidga kelishidan, islom arkonlarini bajarish, ibodat qilishdan maqsadi nima? Jamoada bir-biriga nisbatan nafrat uygʻotishmi? Yoki oʻzini din sohasida bilimdon, taqvodor qilib koʻrsatishmi? Yoki kimnidir ayblab, jamoada fisqu fasod qoʻzgʻashmi? Avvalo, ibodatdan maqsad Alloh taoloning roziligini topish, oxirat saodatiga erishish ekan, demak, bunday kimsalar, birinchi navbatda, oʻz niyatlarini, maqsadlarini toʻgʻrilab olishi kerak.
Inson maʼrifatli boʻlishi, oʻzini anglash, oʻrganish uchun avvalo nafsini boshqara olishi, bor kuch-quvvatini ilohiy ishq yoʻlida sarflashi, butun vujudini idora etib, uni ruhiy kamolot uchun safarbar qilishi kerakligi taʼkidlanadi. Yerdan yaxshi hosil olish uchun uni barcha begona oʻtlardan tozalab, keyin urugʻ sepilgani kabi botinni poklab, soʻng zikr urugʻini sepish kerakligi tushuntiriladi. Shuningdek, inson maʼrifatli boʻlishda nafsga qarshi sabr fazilatini oʻziga singdirishi kerak. Bu jarayonda halol luqma va hushyorlikka alohida eʼtibor berib, qoʻl mehnati bilan hayot kechirishni kundalik odatga aylantirish lozimligi uqtirilgan.
Avvalo tariqatlarda murid-murshidlik muayyan tartib-qoidalar asosida yuzaga kelib, qatʼiy shariatga tayangan va tariqat odoblarini oʻzida mujassam etgan hamda murshidning koʻrsatmalariga rioya etish sharti bilan tariqatga murshidlik qilish huquqi pir-murshidlar tomonidan berilgan. Tariqat murshidi shariat qonun-qoidalarini yaxshi bilishi va tariqat silsilasi sahih boʻlgan ustozlar zanjiriga ulanishi asosiy shartlardan sanaladi. Tarixda tariqat masnadiga oʻtirgan murshidlarga oʻz ustozlari tomonidan tasdiqlangan ijozatnomalar berilgan. Ushbu hujjat murshid, qozi yoki zamona ulamolari muhri bilan tasdiqlangan.
Tariqat, yuqorida taʼkidlab oʻtilgandek, ahdi qatʼiy, taqvosi mustahkam ulugʻlar yoʻli. Yuqoridagi tanqidlar esa sof tariqatning asl sohiblariga emas, yosh yigit-qizlarni ilm-maʼrifatdan toʻsib, farz va sunnat ibodatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni yuklab tashlaydigan, qoʻshtirnoq ichidagi tariqatning soxta “pirlari”ga tegishli. Sof tariqat va uning asl mohiyati hamda maqsadi alohida bir ulkan mavzu. Bu mavzuda soʻzni muxtasar qilsak, chunki kishi imonning nimaligini taʼriflash uchun avvalo imonga kirmogʻi lozim boʻlganidek, tariqat haqida xolis soʻz yuritish uchun tasavvufdan yetarli darajada boxabar boʻlish lozim. Bu boradagi tavsiyalar, tariqat istaganlar shariat ilmini mukammal egallagan, ustozlik maqomidagi ulugʻlarga murojaat qilsalar maqsadga muvofiq boʻladi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2008. 1-juz. – B. 23, 2-juz. – B 392.
Ali ibn Hisomiddin al-Hindiy. “Kanzu-l-aʼmol”. – Bayrut: “Muassasatur risola” nashriyoti, 1989. 3-juz. – B. 428.
Al-Kutubu as-sitta. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Riyoz: Dorus salom, 2000. –B. 8. 69-hadis.
Görmez, “Açılış Konuşmaları I”, Uluslararası İmâm-ı Rabbânî Sempozyumu Tebliğleri, – Istanbul: Hüdâyî Vakfı, 2018. – S. 10.
Muhammad Masrur Ahmad, Jovid Iqbol Mazhariy, Iqbol Ahmad Axtar Qodiriy. Jahoni Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniy shayx Ahmad Sirhindiy // Sohibzoda Sojid ar-Rahmon. Imomi Rabboniy ki taʼlimoti tasavvuf. T. 2. – Karachi: Imomi Rabboniy fondi, 2005. – B. 501.
Muhammad Olim shayx Azizon. Lamahot. – B. 245.
Sirojiddinov Sh. Soʻfi Ollohyor ilohiyoti (I qism). – T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi nashriyoti, 2001. – B. 19.
Shamsiddin Abu Bakr Muhammad ibn Abu Sahl Saraxsiy. Mabsut. – Bayrut: Dorul fikr, 2000. 4-jild. – B. 353.
Ehson Ilho Zahir. Al-Barilaviyyatu – aqoid va tarix Lohur – Pokiston: “Idoratu tarjimoni al-sunna”, 2008. – B. 55, 69, 135.
Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2004. Baqara surasi.143-oyat.
Husayn ibn Masʼud al-Bagʻaviy. Sharhus sunnat. – Bayrut: Maktabatul islomiya, 1983. 2-jild. – B. 371.
Yuldashxodjayev X. Tariqatchilikning zamonaviy koʻrinishlari. – Toshkent: TIU, 2010. – B. 17.
MEXROJIDDIN AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Манба: https://www.bukhari.uz/?p=44486&lang=oz
Buxoroda asrlar avval yashab, adolat mezonlarini ilm bilan uyg‘unlashtirgan faqihlar — “al-quzot as-sab’a”, ya’ni “Yetti qozi” nomi bilan tarixda qolgan allomalarning hayoti va ilmiy merosi Movarounnahrda huquqiy tafakkur qanday shakllanganini anglashda muhim manbalardan biridir. Ularning ilmiy silsilasi esa Buxoro bilan bir qatorda Ustrushana, Samarqand va Farg‘ona kabi qadimiy ilm maskanlarining o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tarixda ayrim shaharlarning nomi muayyan ilm-fan yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Buxoro ana shunday shaharlardan biri. Asrlar davomida bu zaminda hadis, tafsir, fiqh, kalom, tasavvuf va boshqa ilmlar rivojlandi. Shu bilan birga, jamiyatda adolatni ta’minlash, nizolarni hal etish va huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan boy tafakkur maktabi ham shakllandi.
Bu maktabning yorqin namoyandalari qatorida “al-quzot as-sab’a” — “Yetti qozi” nomi bilan mashhur bo‘lgan faqihlarni alohida tilga olish mumkin.
“Yetti qozi” — Buxoroning huquqiy tafakkur ramzi
Islom sivilizatsiyasida qozilik instituti oddiy ma’muriy lavozim emas, balki jamiyatda adolat va huquqiy tartibni ta’minlashga xizmat qilgan muhim ijtimoiy institutlardan biri bo‘lgan. Qozi nizolarni ko‘rib chiqish, shariat qoidalari asosida qaror qabul qilish va insonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi mas’uliyatli vazifalarni bajargan.
Markaziy Osiyoda islom dinining keng tarqalishi bilan bu institut ham takomillashib bordi. Buxoro esa hanafiy fiqhi taraqqiy etgan asosiy markazlardan biri sifatida tanildi.
Manbalarda Buxoroda yashagan, yuksak ilmi, taqvosi, halolligi va adolatparvarligi bilan xalq orasida obro‘ qozongan bir qator faqihlar “Yetti qozi” nomi bilan tilga olinadi.
Ular bir vaqtda yashagan yetti nafar qozi emas, balki turli davrlarda fiqh va qozilik faoliyati bilan shug‘ullangan, o‘zidan boy ilmiy meros qoldirgan allomalar silsilasidir. Ularning qabrlari Buxorodagi tarixiy “Chor Bakr Buxoro” majmuasida joylashgani ushbu maskanning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu sababli majmua xalq orasida “Mazorot al-quzot as-sab’a” — “Yetti qozi mozorlari” nomi bilan ham mashhur.
Silsila boshida Ustrushana farzandi
“Yetti qozi” tarixining eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — silsila boshida Ustrushana mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk faqih Abu Ja’far al-Ustrushaniy nomi turishidir.
Uning to‘liq ismi Abu Ja’far Muhammad ibn Amr (Umar) ibn Sulaymon ash-Shu’abiy (ash-Sha’biy) al-Ustrushaniy bo‘lgan. Olimning tavallud sanasi aniq ma’lum emas. Manbalarda uning vafoti 400/1010 yoki 404/1013 yillar sifatida keltiriladi.
Abu Ja’far al-Ustrushaniy dastlabki ilmlarni o‘z vatani Ustrushanada egallagan. Keyinchalik Buxoroga kelib, bu yerda qozilik faoliyati bilan shug‘ullangan va o‘z davrining yetuk faqihlaridan biri sifatida tanilgan.
Uning ilmiy shakllanishida Ustrushana, Buxoro va Bag‘dod kabi yirik ilm markazlarining o‘zaro aloqasi muhim ahamiyat kasb etgan. Olimning dastlabki ustozi o‘z amakisi Luqmon ibn Sha’biy ibn Sulaymon al-Ustrushaniy bo‘lgan.
Keyinchalik u Buxoroning mashhur faqihi Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy Buxoriydan va Bag‘dodlik buyuk hanafiy olimi Abu Bakr Ahmad ibn Ali ar-Roziy al-Jassosdan ta’lim olgan.
Bir olimning ustozlari silsilasining o‘ziyoq o‘sha davrda Movarounnahr va Islom olamida ilm almashinuvi qanchalik keng yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Abu Ja’far al-Ustrushaniyning ilmiy merosi ham salmoqli. Unga “al-Jomi’ al-kabir”, “az-Ziyodot” va “Kifoyat ash-Sha’biy” kabi fiqhiy asarlar nisbat beriladi.
Ayniqsa, “Kifoyat ash-Sha’biy” Movarounnahrda hanafiy fiqhi taraqqiyotini o‘rganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Ushbu asarning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalari ham uning ilmiy qiymatini namoyon etadi.
Abu Zayd ad-Dabusiy: huquqiy fikrlashda yangi yo‘nalish
“Yetti qozi” silsilasining yana bir mashhur vakili — Abu Zayd ad-Dabusiy. Uning to‘liq ismi Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso ad-Dabusiy bo‘lgan.
Buxoro va Samarqand oralig‘idagi Dabusiya qishlog‘ida tug‘ilgan alloma Qoraxoniylar davrida qozilik lavozimida faoliyat yuritgan. Shu bois manbalarda u “Qozi Zayd” nomi bilan ham tilga olinadi.
Ad-Dabusiyni mashhur qilgan jihatlardan biri — fiqhiy qarashlar o‘rtasidagi farqlarni tizimli tahlil qilishga bag‘ishlangan “ilm al-xilof” yo‘nalishidagi ilmiy faoliyatidir.
Bugungi huquqshunoslik nuqtayi nazaridan qaraganda, turli huquqiy qarashlarni taqqoslash, ularning dalillarini tahlil qilish va muayyan masala bo‘yicha asoslangan xulosaga kelish tamoyillari nihoyatda qiziqarlidir.
Olimning “Ta’sis an-nazar” asari ham shu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Unda fiqhiy masalalarni nazariy asosda tahlil qilish va turli qarashlarni qiyoslashga e’tibor qaratilgan.
Abu Zayd ad-Dabusiy 430/1039 yilda vafot etgan va “Quzoti sab’a” maqbarasiga dafn etilgan.
Bir silsila — bir necha ilmiy maktab
“Yetti qozi” tarkibida tilga olinadigan boshqa allomalar ham Movarounnahr huquqiy tafakkuri taraqqiyotida muhim iz qoldirgan.
Ular orasida Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Mustamliy al-Buxoriy alohida o‘rin tutadi. 358/968–434/1043 yillarda yashagan bu olim fiqh va tasavvuf ilmlarini chuqur bilgan. Uning “Sharh at-Taarruf” asari ilmiy merosining muhim qismlaridan biri hisoblanadi.
Badi’uddin Ahmad ibn Umar al-Buxoriy XII asrda yashab, “Fatovoi Badi’ ad-din” asari bilan tanilgan.
Zahiruddin Muhammad ibn Ahmad al-Buxoriy esa Buxoro qozisi va muhtasibi sifatida faoliyat yuritgan. 619/1222 yilda vafot etgan olim “al-Favoid az-zahiriyya” va “al-Fatovo az-zahiriyya” kabi asarlarni yozgan.
Ahmad ibn Amr ibn Muso al-Buxoriy ham Samarqand va Buxoroda qozilik qilgan olimlardan biri sifatida tilga olinadi.
Silsilaning yettinchi vakili sifatida esa az-Zavzaniy nomi uchraydi. Biroq bu nisba bilan bir nechta olimlar mashhur bo‘lgani sababli, aynan qaysi shaxs “Yetti qozi” tarkibiga kirishi masalasi qo‘shimcha manbashunoslik tadqiqotlarini talab etadi.
Bu holat mavzuning hali to‘liq o‘rganilmagan jihatlari mavjudligini ko‘rsatadi.
“Yetti qozi”dan “To‘qqiz qozi”gacha
Qizig‘i, tarixiy manbalarda “Yetti qozi” tarkibiga kiruvchi olimlar soni haqida ham turlicha ma’lumotlar uchraydi.
Mu’in al-fuqaroning “Tarixi Mullazoda” asarida Buxoroning “Yetti qozi” qabristoni va u yerda dafn etilgan allomalar haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Keyingi tadqiqotlarda esa ushbu ro‘yxat yana kengaytirilib, “quzot tis’a” — “To‘qqiz qozi” tushunchasi ham ilmiy muomalaga kiritilgan.
Arab tadqiqotchisi Subhiy Jamil al-Xayyot Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviyning “al-Insof” asariga tayanib, Buxoroning buyuk huquqshunoslari qatoriga Abul Yusr al-Bazdaviy, Faxrul-islom al-Bazdaviy, Abul Maoliy Ahmad al-Bazdaviy va Qozixon Uzgandiy kabi allomalarni ham kiritadi.
Ularning har biri Movarounnahrda fiqh va usulul-fiqh taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Demak, “Yetti qozi” atamasi qat’iy yopiq ro‘yxatdan ko‘ra, Buxoro huquqiy-ilmiy muhitida shakllangan tarixiy an’anani ifodalovchi tushuncha sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Buxorodan kengroq ilmiy makon
“Yetti qozi” tarixini o‘rganish yana bir muhim haqiqatni ochib beradi: o‘rta asrlarda ilm-fan muayyan shahar yoki hudud doirasi bilan cheklanmagan.
Ustrushana, Buxoro, Samarqand, Dabusiya va Farg‘ona kabi hududlar o‘zaro bog‘langan yagona ilmiy-madaniy makonni tashkil etgan.
Abu Ja’far al-Ustrushaniyning Ustrushanada ta’lim olib, Buxoroda faoliyat yuritishi; Abu Zayd ad-Dabusiyning Dabusiyadan chiqib, Buxoro ilmiy muhitida tanilishi; Bazdaviylar va Qozixon Uzgandiy kabi allomalarning mazkur silsila bilan bog‘lanishi — bu ilmiy harakatchanlikning yorqin misollaridir.
Shu ma’noda “Yetti qozi” fenomeni Buxoroning o‘zi haqidagina emas. U butun Movarounnahrda huquqiy tafakkurning qanday shakllangani va rivojlanganini ko‘rsatadi.
Adolat an’anasining tarixiy ildizlari
Birinchi Renessans davri va undan keyingi asrlarda Movarounnahrda ilm-fanning turli sohalarida yuksak natijalarga erishildi. Bu jarayonda fiqh va huquqiy tafakkur ham o‘zining mustahkam ilmiy asoslarini yaratdi.
“Yetti qozi” silsilasi ana shu jarayonning muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Ularning hayoti va asarlarida adolat, huquqiy tartib, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni me’yorlashtirish va nizolarni ilm asosida hal etish kabi masalalar muhim o‘rin egallagan.
Shu bois “Yetti qozi” merosini o‘rganish — faqat tarixiy shaxslar hayotini tadqiq etish emas. Bu orqali Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyat va adolat tushunchalarining ilmiy asoslari qanday shakllanganini anglash mumkin.
Bugungi kunda mazkur allomalarga oid qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish, ularning ustoz-shogird silsilalarini tiklash, turli manbalardagi ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qilish va ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, Buxoroning “Yetti qozi”si — bir davr yoki bir shahar tarixi emas. U Movarounnahrda asrlar davomida shakllangan adolat, ilm va huquqiy tafakkur an’anasining yorqin ifodasidir.
Muallif: Muslim Atayev, Tarix fanlari doktori (DSc), iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati