Delegatsiya tarkibida bir qator vazirlik va idoralar vakillari, shu jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov uchrashuvlar chog‘ida yurtdoshlarimizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ularga vatan sog‘inchi, adolat va ma’rifat ruhida suhbatlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda diniy bag‘rikenglik, halol mehnat, ijtimoiy tarmoqlardan mas’uliyatli foydalanish, yoshlar o‘rtasidagi diniy savodxonlik va turli g‘arazli oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilarga tegishli mavzulardagi ma’lumotnomalar va bukletlar tarqatildi.
Safar doirasida Stavropol musulmonlari qozisi Muhammad hazrat bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shunga qo‘shimcha, Xalqaro Kavkaz universitetida tahsil olayotgan 285 nafar o‘zbekistonlik talabalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. Universitet ma’muriyati o‘zbekistonlik yoshlarning bilimga chanqoqligi va odob-axloqini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, "Ovakon" MCHJ qurilish tashkilotining 500 nafar, "Yugstroy invest" qurilish tashkilotining 200 nafar ishchilari bilan ham ana shunday ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duo va salomlari yetkazildi. Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, diniy-ma’naviy soha taraqqiyoti haqida ham ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati