#xabar #anjuman #muftiy
Shu yil 4 sentyabr kuni Braziliya poytaxti Rio-de-Janeyro shahrida «Ma’naviy Ipak Yo‘li: millatlar va qit’alarni yaqinlashtirishda ma’naviy qadriyatlarning o‘rni» nomli xalqaro konferensiya boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi, Muhammad bin Zoid nomidagi Gumanitar universitet hamda Braziliya musulmonlari uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan VI-xalqaro anjumanda Birlashgan Arab Amirliklari, Misr Arab Respublikasi, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Eron, Qozog‘iston, Efiopiya, Janubiy Afrika kabi davlatlarning zabardast ulamolari, davlat va din arboblari qatnashmoqda.
Anjumanda butun dunyoda, xususan, islom olamida tinchlikni saqlash, musulmon ummati jipsligi, xalqlar hamjihatligini ta’minlash, umuminsoniy qadriyatlarga e’tibor qaratish, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida hamkorlikni kengaytirishga oid muhim masalalar muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mo‘minlar tavakkul qilishga ommatan amr qilinishlari o‘tgan Rasullarning tillari orqali keldi. Masalan, ularni qavmlariga ushbu shaklda javob berishlarini ko‘rishimiz mumkin:
﴿قَالَتْ لَهُمْ رُسُلُهُمْ إِنْ نَحْنُ إِلَّا بَشَرٌ مِثْلُكُمْ وَلَكِنَّ اللَّهَ يَمُنُّ عَلَى مَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَمَا كَانَ لَنَا أَنْ نَأْتِيَكُمْ بِسُلْطَانٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ وَعَلَى اللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُؤْمِنُونَ﴾
“Payg‘ambarlari ularga: «Biz sizga o‘xshash bashardan o‘zga hech narsa emasmiz. Lekin Alloh O‘z bandalaridan kimni xohlasa, o‘shanga (Payg‘ambarlik) in’om qilur. Biz o‘zimizcha sizga biror hujjat keltira olmaymiz, illo Allohning izni ila. Mo‘minlar faqat Allohgagina tavakkul qilsinlar”[1].
Yoki bo‘lmasa Muso alayhissalomning as'hoblaridan bo‘lgan ikki kishining qavmlariga Muqaddas yerga kirishda jabr qiluvchilarning jabridan qo‘rqmasliklarini aytgan so‘zlarida ko‘rish mumkin:
﴿قَالَ رَجُلَانِ مِنَ الَّذِينَ يَخَافُونَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمَا ادْخُلُوا عَلَيْهِمُ الْبَابَ فَإِذَا دَخَلْتُمُوهُ فَإِنَّكُمْ غَالِبُونَ وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ﴾
«Ulardan (Allohdan) qo‘rqadiganlardan bo‘lgan va Alloh ularga ne’mat ato etgan ikki kishi: “Ularning ustiga eshikdan kirib boringlar. Agar unga kirsangiz, albatta, g‘olib bo‘lasizlar. Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz”, dedilar»[2].
Iymon mustahkam bo‘lishi uchun tavakkul qilish shart qilindi. Yuqoridagi oyatlar bizdan oldingilarga aytilgan deyilmaydi. Bunda bizga ibrat ham, namuna ham yo‘q deyishlik hato hisoblanadi. Bu fikr Qur’onda kelgan oyatga xilofdir. Shariatimiz tavakkul qilishni bekor etmadi balki, ta’kidlashni ziyoda qildi. Alloh taolo tavakkulni sodiq mo‘minlarning sifatlaridan sanadi:
﴿إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آَيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَانًا وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ﴾
“Albatta, Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa, iymonlarini ziyoda qilguvchi va Robbilariga tavakkul qilguvchilargina mo‘minlardir”[3].