Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganini barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yaqqol namoyon etmoqda. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy-ijtimoiy hayot, madaniy hamda diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar xalqimiz turmush tarzida o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi hamda xalqimizning birdamligi asosida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizdagi yangilanishlar uchun mustahkam huquqiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida ulkan natijalarga zamin yaratmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turli diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
E’tiborlisi, 2017 yili 19 sentyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida
2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma’rifat, ta’lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida
2022 yilda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish hamda
2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishish maqsadida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘tkazilgan edi.
Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissasi bo‘ldi.
Muhim jihati shundaki mazkur muloqot an’anaviy tus olib, joriy yilning 10-13-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining e’tiqod erkinligini ta’minlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy sodiqligni xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.
Ta’kidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilish va o‘z iqtidorini namoyish etish va o‘z diniy e’tiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda jami 2373 ta diniy tashkilot bo‘lib, shundan 2174 tasi islomiy va 199 tasi noislomiy diniy tashkilot hisoblanadi.
So‘nggi sakkiz yilda respublika bo‘yicha jami 130 ta diniy tashkilot, shu jumladan 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 105 ta masjid hamda 25 ta turli konfessiyaga taalluqli noislomiy diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi sifatida 2025 yil 25 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining 1037-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ni alohida e’tirof etish zarur.
Mazkur konsepsiya vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqni va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilganini ta’kidlash lozim.
O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, 2017 yilga qadar 3 ta oliy (1 ta islomiy 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kundagi holatga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 16 ta diniy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan
6 tasi oliy ta’lim berishga mo‘ljallangan.
Mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish borasida “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon imzolandi.
Ushbu Farmonning imzolanishi nafaqat diniy-ma’rifiy soha vakillari tomonidan, balki keng jamoatchilik tomonidan ham katta xursandchilik va mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Yana bir e’tiborli jihat: so‘nggi yillarda nislomiy konfessiyalarning tadbirlari yuqori saviyada tashkil etib kelinmoqda. Xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining 145 yilligi (2017 yil noyabr) va 150 yilligi (2021 yil noyabr), Arman apostollik cherkovining 120 yilligi (2023 yil sentyabr), O‘zbekiston Bibliya jamiyatining 25 yilligi (2018 yil noyabr) va 30 yilligi (2023 yil sentyabr), Bahoiylar diniy jamoasi asoschisi Bahoulla tavalludining 200 yilligi (2017 yil noyabr), Bob tavalludining 200 yilligi (2019 yil noyabr) va Abdul Baho vafotining 100 yilligi (2022 yil yanvar) kabi tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani – yurtimizdagi tinchlik va bag‘rikenglikning yaqqol namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, turli din vakillarining xorijdagi muqaddas maskanlarni ziyorat qilishiga ham katta e’tibor qaratildi. Jumladan, 500 mingga yaqin fuqaro Haj va Umra safariga, 10 000 dan ortiq fuqarolar Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda ziyoratlarni amalga oshirdi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk Ipak yo‘lining ajralmas va muhim qismi sifatida dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Bu zaminda savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyat markazlari hamisha rivojlanib, xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik hamda turli madaniyat vakillariga hurmat tuyg‘ulari taraqqiyotning asosiy omili bo‘lgan.
Shu bois, bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va xalqlarning urf-odat hamda an’analari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil siyosat nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasiz.
Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumida dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham O‘zbekiston Respublikasining e’tiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayoganidan dalolat.
Davronbek MAXSUDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining
birinchi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Xurayra roziyallohu anhu ikki kishini ko‘rib, ularning biridan: «Bu senga kim bo‘ladi?» - deb so‘radilar. U: «Otam», - deb javob berdi. Shunda u zot: «Uning ismini aytib chaqirma, oldida yurma va undan avval o‘tirmagin», dedilar.
Imom Buxoriy rivoyati.
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Kim otasiga ko‘z qiri bilan (mensimay) qarasa, unga oq bo‘libdi».
Izoh: «Oq bo‘lish» iborasi arab tilida «kesish», «uzish» degan ma’noni bildiradi, shar’iy istilohda esa ota-onaga aziyat berish, ma’siyat bo‘lmagan ishlarda ularga itoatsizlik qilish, ularni g‘azablantirish, norozi qilish, ulardan aloqani uzishga aytiladi. Binobarin, uni qandaydir qarg‘ishga qolish, biror kasallikka giriftor bo‘lish ma’nosida tushunmaslik kerak.
***
Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr aytadi: «Otam vafot etganda bir yil davomida Allohdan faqatgina otamni afv etishini so‘radim».
***
Umar ibn Abdulaziz Ibn Mehronga shunday degan: «Ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa bilan do‘stlashmagin. Chunki ularga oq bo‘lgan kimsa seni ham hargiz rozi qilmaydi».
***
Avn ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: «Abdulloh aytadi: «Otang yaqin bo‘lgan kishilar bilan bog‘langin».
***
Imom Mujohid aytadi: «Kimni otasi ursa, uning qo‘lini qaytarishi mumkin emas. Kim ota-onasiga tik qarasa, ularga yaxshilik qilmabdi. Kim ota-onasini xafa qilsa, ularga oq bo‘libdi».
***
Avvom aytadi: «Mujohiddan: «Agar namozga azon aytilsa, shu payt otam ham meni birov orqali chaqirib qolsa, qaysi biriga javob qilaman» deb so‘ragan edim. U: «Otang (chaqirig‘i)ga javob ber», - dedi...
***
Mujohid aytadi: «Otaning duosi Alloh azza va jalladan to‘silmaydi».
***
Sobit ibn Aslam Bunoniy aytadi: «Birov otasini bir joyda urayotgan edi. «Bu nimasi?» - deb so‘raldi. Shunda otasi: «Qo‘yaveringlar, xuddi shu joyda men ham otamni urardim. Bolam bilan shunday balolanib, o‘zim ham ayni shu joyda urilyapman», dedi».
***
Ibn Muhayriz aytadi: «Kim otasini ismi yoki laqabini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi».
***
Avn ibn Abdulloh aytadi: «Ota-onaga termilib boqish ham ibodatdir».
***
Umar ibn Zirr rahmatullohi alayhning o‘g‘li vafot etganda: «Allohim, uning mening haqqimda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini kechirdim. Sen ham vojib haqlaring borasida kamchiliklarini mag‘firat qilgin», - deb duo qildi. Shunda undan: «O‘g‘ling senga qanday yaxshilik qilardi?» - deb so‘raldi. U: «Kunduzi faqat ortimda, tunda esa oldimda yurardi. Men turgan uyning tepasiga chiqmas edi», - dedi...
***
Muallo ibn Ayyub rahmatullohi alayh aytadi: «Ma’munning shunday deganini eshitganman: «Fazl ibn Yahyo Barmakiydan ko‘ra otasiga yaxshilik qiluvchiroq kishini ko‘rmaganman. Aytilishicha, uning otasi Yahyo faqat issiq suvda tahorat qilardi. Ular ikkalasi zindonga tushib qolganda zindonbon ularga havo sovuq bo‘lgan kuni kechasi o‘tin qirqishni taqiqlab qo‘ydi. Shunda Fazl zindondagi kichkina xushbo‘ylik solinadigan idishchaga suv to‘ldirib, isitish uchun shamchiroqqa yaqin olib bordi va ertalabgacha unga tutib turdi».
Ushbu voqeani Ma’mundan boshqalar ham keltiradi: «Ertasi kuni zindonbon Fazlga shamchiroqda suv isitishni ham man qildi. Shunda u idishni to‘ldirib, to‘shagiga o‘radi va uni bag‘riga bosib ilitdi».
***
Muoviya ibn Qurradan, «O‘g‘ling senga qanday muomala qiladi?» deb so‘ralgan edi. U: «U juda xam yaxshi farzanddir. Mening dunyo ishlarimni zimmasiga olib, oxirat ishlarim uchun forig‘ qilib qo‘ygan».
***
Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh shunday degan: «Kim otasining oldiga tushib yursa, unga oq bo‘libdi. Agar uning yo‘lidan aziyatni ketkazish uchun (oldiga o‘tsa) unday emas. Kim otasining ismini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi. «Ey otajon» desa, unday emas».
«Qiblagoh» kitobi asosida tayyorlandi