Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey singlim! Siz boshingizda ko‘tarib yurgan toj bu – iffatingizdir. So‘zlaydigan eng go‘zal so‘zingiz bu – rostgo‘yligingizdir. Yuzingizdagi uyatchanglik bu – hayodandir. Sizning go‘zal xulqingiz bu – ota-onangizga keltirgan rahmatingizdir.
Hikoyat. Yigit hikoya qilib shunday deydi: “Bir o‘rtog‘im bor edi. Kunlarning birida u shoshganicha kirib keldi. “Nimaga mashinangni uyimning oldiga qo‘ya qolmading?” – deya so‘radim. U: “Men yana yangi qizni tuzog‘imga ilintirdim. U kollej talabasi. Uni dars boshlanishidan avval kollejdan olib chiqqandim. Dars tugay deganda yana kollejga olib borib qo‘yaman”, dedi.
Men uning gaplarini eshitib sekin-asta unga bildirmay uyning orqa tarafidan chiqdim-da, to‘g‘ri mashina tomonga yo‘naldim. Qarasam, mashinaning ichida chamasi o‘n olti yoshlardagi bir qiz o‘tiribdi. Unga: “Nima sababdan bu yerga kelding?” – dedim. Qiz: “Falonchi (yigitning ismini aytdi) meni sevadi, menga uylanmoqchi, uning o‘zi shunday dedi”, deya javob berdi.
“Mening gaplarimni diqqat bilan eshit! O‘sha yigitni men juda yaxshi bilaman. Xolis gapiryapman. Yaqinlaringning senga bildirgan ishonchini yodga olgin-da, bu qilayotgan ishingning qanchalik noma’qul ekanini o‘ylab ko‘r. Bilib qo‘y, sen xavfli ish ustida turibsan. Uning senga uylanishi yetti uxlab tushiga ham kirmagan. U yigit kishi. Senga o‘xshaganlarni topib olsa, uylanishni xayoliga ham keltirmaydi. Chunki begona yigit bilan ko‘chaga chiqqan va oilasining sha’nini toptagan qiz xotin bo‘lishga arzimaydi, u bunga loyiq emas. Unaqalar ertaga yana boshqa birovni topib ketaveradi”, dedim.
Vaqt o‘tib qiz bir dugonasidan menga xat berib yuboribdi. Xatda quyidagilar yozilgan edi: “Sizga katta rahmat! Siz aytgan ish sodir bo‘lishiga bir bahya qolgan edi... Men yig‘lab uni o‘zimdan nari qilishga harakat qildim. Oh-vohlarim, dod-faryodlarimdan keyin u meni kollejga olib borib qo‘ydi. Nomusimdan ayrilib qolishimga bir soniya qoldi... O‘zim va ota-onamning bosh ko‘tara olmaydigan bo‘lib qolishlariga bir qadam qoldi... Avvalo Alloh, qolaversa, sizning so‘zlaringiz meni bu sharmandalikdan saqlab qoldi”.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida diniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot sohalarida, xususan, Qur’on ilmlarini chuqur o‘rganish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yurtimizda asrab-avaylanayotgan Kalomullohning eng noyob nusxasi – Hazrati Usmon Mus'hafining poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh zaliga o‘z maqomiga munosib tarzda joylashtirilishi, mamlakatimiz bo‘ylab Qur’oni karim va tajvid kurslarining faoliyat yuritayotgani hamda mus'haflarning yuqori sifatda nashr etilayotgani bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning yorqin misolidir. Shuningdek, har bir savobli ishni oyati karimalar tilovati bilan boshlash an’anasi Allohning kalomiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzidir.
Mana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida xalqaro miqyosdagi Qur’on va tajvid ustozi, o‘n qiroat ilmi bo‘yicha dunyodagi eng taniqli ulamolardan biri — doktor Shayx Ayman Suvayd hazratlarining yurtimizga ilmiy safari tashkil etilmoqda.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari ustozlarining malaka va mahoratini oshirish, nazariy hamda amaliy bilimlarini boyitish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashishdir.
Ma’lumot uchun:
Shayx Ayman ibn Rushdiy Suvayd Qur’oni karim bo‘yicha Butunjahon tashkiloti Ilmiy kengashi raisi hisoblanadi. Olim Misrdagi mashhur «Al-Azhar» va Saudiya Arabistonidagi «Ummul-quro» universitetlarida tahsil olib, doktorlik ilmiy darajasini olgan. Uning 40 yillik ilmiy-tadqiqotlari mahsuli bo‘lgan «at-Tajvid al-Musovvar» asari va «Iqro» telekanalidagi turkum ko‘rsatuvlari keng ommaga yaxshi tanishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati