Qur’oni karimning juda ko‘plab oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish ta’kidlangan bo‘lib, ularning aksariyati Alloh taologa itoat etish bilan bir o‘rinda zikr etiladi.
قُلۡ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَۖ فَإِن تَوَلَّوۡاْ فَإِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلۡكَٰفِرِينَ
“«Ayting: “Alloh va Payg‘ambarga itoat etingiz!” Agar yuz o‘girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas» (Oli Imron, 32-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ
“Allohga va Payg‘ambarga itoat qiling, shoyad, shunda sizlarga rahm qilinsa” (Oli Imron, 132-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَأُوْلِي ٱلۡأَمۡرِ مِنكُمۡۖ
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَٱحۡذَرُواْۚ
“Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz!” (Moida surasi, 92-oyat).
فَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَأَصۡلِحُواْ ذَاتَ بَيۡنِكُمۡۖ وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓ
“Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!” (Anfol surasi, 1-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَأَنتُمۡ تَسۡمَعُونَ
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O‘zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o‘girib ketmangiz!” (Anfol surasi, 20-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَنَٰزَعُواْ فَتَفۡشَلُواْ وَتَذۡهَبَ رِيحُكُمۡۖ
“Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz” (Anfol surasi, 46-oyat).
﴿قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّمَا عَلَيْهِ مَا حُمِّلَ وَعَلَيْكُمْ مَا حُمِّلْتُمْ وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾
Ayting: “Allohga bo‘yin suningiz va Payg‘ambarga bo‘yin suningiz! Shundan so‘ng agar yuz o‘girsangiz, bas, (Payg‘ambar) zimmasida o‘ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug‘ini yetkazish) va sizlarning zimmangizda o‘zlaringizga yuklangan narsa (unga bo‘yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَوَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ﴾
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).
﴿فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ﴾
“Namozni barkamol ado etingiz va zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etingiz!” (Mujodala surasi, 13-oyat).
﴿وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّيْتُمْ فَإِنَّمَا عَلَى رَسُولِنَا الْبَلَاغُ الْمُبِينُ﴾
“Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga bo‘yin suningiz! Bas, agar (itoatdan) bosh tortsangiz, u holda (bilingizki) Bizning (yuborgan) payg‘ambarimiz zimmasida faqat (vahiylarimizni sizlarga) aniq yetkazish bor, xolos” (Tag‘obun surasi, 12-oyat).
Mazkur oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiy tarzda zikr qilinmoqda. Quyidagi oyatlarda Payg‘ambarimiz alayhissalomga itoat etishning mukofoti (ajri) bayon etiladi, ushbu oyatlar ham Allohga itoat etish bilan birgalikda keladi:
﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ﴾
“Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir” (Niso surasi, 13-oyat).
﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا﴾
“Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat).
﴿وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ أُولَئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ﴾
“Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
﴿وَإِنْ تُطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ لَا يَلِتْكُمْ مِنْ أَعْمَالِكُمْ شَيْئًا﴾
“Agar sizlar Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsangiz, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas” (Hujurot surasi, 14-oyat).
Qur’oni karimda payg‘ambarga itoat etish faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos bo‘lmay, balki avval o‘tgan barcha payg‘ambarlarga ham tegishli ekanligi bayon etilgan:
﴿وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ رَسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذْنِ اللَّهِ﴾
“Qaysi bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz)” (Niso surasi, 64-oyat).
Shuningdek, payg‘ambarlar alayhimmusalom Alloh taoloning vahiyi (irodasi)ni yetkazuvchilar ekanliklari, ularga itoat etish Alloh taologa itoat etish bilan tengligi ta’kidlanadi:
﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾
“Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi” (Niso surasi, 80-oyat).
Payg‘ambar alayhissalomga itoat etish Qur’on oyatlarida zikr etilgani hamda Nabiyga itoat Alloh taologa itoat etish ekanligi ta’kidlanganidek, ularga itoatsizlik ham Allohga itoatsizlik sifatida zikr etiladi:
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do‘zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur” (Niso surasi, 14-oyat).
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾
“Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo‘ldan ozibdi” (Ahzob surasi, 36-oyat).
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَإِنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدً﴾
“Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o‘sha joyda mangu qolurlar” (Jin surasi, 23-oyat).
وَمَن يُشَاقِقِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ فَإِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ
“Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir” (Anfol surasi, 13-oyat).
﴿أَلَمْ يَعْلَمُوا أَنَّهُ مَنْ يُحَادِدِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَأَنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo‘lishini bilmaganmidilar?!” (Tavba surasi, 63-oyat).
Shu tariqa, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish va itoatsizlik qilish Alloh taolga itoat etish hamda etmaslik sifatida birga zikr qilinadi.
Biror oyatda Allohga itoat etish alohida ta’kidlanmagan, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bilan birgalikda zikr etilgan. Ammo ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa itoat etish ta’kidlanmagan holda zikr etilgan:
﴿وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ﴾
“Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).
﴿وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾
“Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).
﴿يَوْمَئِذٍ يَوَدُّ الَّذِينَ كَفَرُوا وَعَصَوُا الرَّسُولَ لَوْ تُسَوَّى بِهِمُ الْأَرْضُ﴾
“Kofir bo‘lganlar va payg‘ambarga itoatsizlik qilganlar o‘sha kuni yer bilan yakson bo‘lishni orzu qiladilar” (Niso surasi, 42-oyat).
﴿وَمَنْ يُشَاقِقِ الرَّسُولَ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُ الْهُدَى وَيَتَّبِعْ غَيْرَ سَبِيلِ الْمُؤْمِنِينَ نُوَلِّهِ مَا تَوَلَّى وَنُصْلِهِ جَهَنَّمَ وَسَاءَتْ مَصِيرًا﴾
“Kimga hidoyat aniq bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga muxoliflik qilsa va mo‘minlar yo‘lidan o‘zgasiga ergashsa, Biz uni o‘zi ketayotgan yo‘liga qo‘yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda kuydiramiz. Naqadar noxush joy u!” (Niso surasi, 115-oyat).
Ushbu oyatlarda faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish ta’kidlanishining sababi – Allohga itoat etish payg‘ambarga itoat etish bilan bo‘lishligidir. Zero, Alloh taolo O‘z dinini payg‘ambarlari orqali insonlarga yetkazadi.
﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ﴾
“Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir” (Sho‘ro surasi, 51-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo O‘z xohish, irodasini payg‘ambarlari orqali yuboradi. Agar payg‘ambar alayhissalom biror narsaga buyursa yoki biror narsadan qaytarsa Allohning elchisi sifatida qilgan bo‘ladilar. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda payg‘ambarga itoat etish va unga ergashishni O‘ziga itoat bo‘lishini ta’kidlagan:
﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾
“Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi” (Niso surasi, 80-oyat).
Shunday ekan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa etishdir. Chunki u zot alayhissalom o‘z nafslaridan so‘zlamaydilar, balki Allohning irodasini yetkazadilar:
﴿وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى﴾
“(Yana u Qur’onni) xomxayoldan olib so‘zlayotgani ham yo‘q! U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4 – oyatlar).
Shu nuqtayi nazardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etish demakdir. Shu bois, ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish zikr qilinib, Allohga itoat etish ta’kidlanmagan. Bu Allohga itoat – payg‘ambarga itoat etish orqali bo‘lishini anglatadi.
Qur’oni karimning Allohga itoat etish borasida kelgan har bir oyat albatta Payg‘ambar alayhissalomga itoat etish bilan birgalikda zikr qilingan.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat ko‘rsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ota-bobolarimizning so‘nmas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.
Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan azmu shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz.
Muhtaram do‘stlar!
El-yurtimiz fashizmga qarshi kurashda dunyodagi barcha tinchliksevar xalqlar bilan bir safda turib, buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan.
Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi.
Urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘sha olovli yillarda xalqimiz “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!” deb kechayu kunduz buyuk safarbarlik ruhi bilan yashadi. O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi.
Qadrli yurtdoshlar!
G‘olib va muzaffar ota-bobolarimizning Vatanimiz ozodligi va xalqimiz osoyishtaligi himoyasi yo‘lidagi ibratli faoliyatini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha biz ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” yodgorlik komplekslari xalqimiz uchun tabarruk maskanlarga aylanib bormoqda.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilganini ta’kidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu munavvar ayyom kunlarida joylardagi hokimliklar, jamoatchilik va yoshlar vakillari urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarida bo‘lib, oila a’zolarining holidan xabar olib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira marosimlari, madaniy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.
Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir.
Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin g‘alaba bayrog‘ini jahon uzra baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch bo‘lib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, fashizm balosini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni bugungi shonli bayram bilan samimiy tabriklab, ularga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni, hurmatli faxriylarimizni, butun el-yurtimizni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!
Ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlasin!
Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti