Alloh menga o'g'illar berganda juda xursand bo'lgandim. Allohga shukrona qilib xayr-ehsonlar tarqatgandim. Lekin o'g'illarim quloqsiz bola bo'lishdi. Bekorchi, takasaltang bolalar bilan o'rtoq bo'lib, kunda-kunora ishkal chiqarib keladigan, orqalaridan ko'p gap eshittiradigan bo'lishdi. Ularni kaltaklab ham tarbiyasini qo'lga ololmadim. Oxiri bo'lmagandan keyin uydan haydashgacha bordim.
Keyin o'sha kunlari bir psixolog bilan maslahatlashib qoldim. U menga o'g'illarimga otalik mehrini berishni, ularga etarlicha vaqt ajratishni, ularni ishlarimga sherik qilishni tavsiya qildi, ko'rsatmalar berdi. O'ylab qarasam, ish bilan bo'lib, farzandalarimga juda kam vaqt ajratar ekanman. Ularning kimlar bilan o'rtoq bo'lib yurgani, darslari qanday bo'layotganiga qiziqmas, barchasini uy ishlari bilan qo'shib onasining zimmasiga yuklab qo'ygan ekanman.
Farzandlarim bilan jiddiy shug'ullanishga qaror berdim. Do'konlarimning idorasini sekin-asta bolalarimga topshira boshladim. Boshida do'kon ishlarini rasvo qilib kasodga uchratishmasmikan deb rosa qo'rqdim. Lekin Allohga tavakkal qilib, O'zidan yordam so'rab, ishga kirishdim. Allohga shukrki, farzandlarim meni uyaltirishmadi. Do'kon ishlari ko'p bo'lgani uchun bemani do'stlari bilan bekorchi ishlarga ham vaqtlari qolmadi. Ertadan kechgacha do'kon ishlari bilan bo'lib, kechasi uyga charchab kelib uxlaydigan bo'lishdi. Tunlari yarim kechagacha, ba'zan tonggacha daydib yurish odatlari yo'qoldi.
Hozir Allohning fazli ila bolalarimning hammasi yaxshi. Hammasini uylantirdim. Endi ulardan ko'nglim to'q. Ularni o'z vaqtida katta do'konlarimni boy berish xavfi bo'lsa-da o'zimga jalb qila olganimga, tarbiyalarini o'nglashga muvaffaq bo'lganimga Allohga hamd aytaman.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati