frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Saflarni to'g'rilang, jipslashtiring!

21.02.2024   4128   7 min.
Saflarni to'g'rilang, jipslashtiring!

Jamoat bilan namoz o'qish sunnati muakkadadir. Jamoat namozining savobi yolg'iz o'qilgan namozdan yigirma etti daraja ortiqdir. Jamoatga Allohning rahmati tushib turadi.

Jamoat namozida saflar jips va tekis bo'lishi ham sunnatdir. No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yoki albatta, saflaringizni to'g'ri qilursiz, yoki Alloh yuzlaringizni qarama-qarshi qilib qo'yur”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilgan).

Jamoat namozida safni to'g'ri olish o'ta muhim, safni to'g'rilamaslik o'zaro nafrat va yomon ko'rishga olib keladi.

Imom Muslim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning saflarni xuddi kamon o'qini to'g'rilagandek to'g'rilashlarini rivoyat qilgan. Shuning uchun imomlar jamoatga saflarni to'g'rilash lozimligini doim eslatib turishlari lozim.

Masjidga kelganda birinchi safdan to'ldirib borish kerak. Birinchi saf ikkinchi safdan, ikkinchi saf uchinchi safdan afzal hisoblanadi.

Birinchi safda imomning ortida imomlikka loyiq ahli ilm va qorilar turishi kerak. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Menga sizlardan etuklik va aql egalari yaqin tursin. So'ngra ularga yaqin keladiganlar”, deb uch marta aytdilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyat qilgan). 

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilina­di. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Albatta, Alloh taolo va Uning farishtalari birinchi saflarni to'ldiruvchilar­ga salavot aytadilar. Alloh taolo uchun bandaning safni to'ldirish uchun bosgan qadamidan ko'ra mahbubroq qadam yo'qdir”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).

Birinchi safda bo'sh joy bo'lsa, orqa safdagi kishi ikkinchi safdagilar orasidan birinchi safga o'taveradi. Bunda ikkinchi safdagilarga ozor bergan bo'lmaydi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qi­linadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Saflaringizni jipslashtiringlar, orani yaqinlashtirib, bo'yinlarni to'g'ri (chiziqda) tutinglar! Jonim izmida bo'lgan Zotga qasamki, men safdagi oraliqlardan shaytonlarning xuddi qora qo'zichoqlar kabi kirayotganini ko'raman”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilgan)

Safda oyoqlarni emas, elkani elkaga tekkizib, jipslanib, bo'sh joy qoldirmay, oldinga yoki orqaga egilmay turish shart.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Saflarni to'g'rilang! Yelka­laringizni tenglashtiring! Ochiq joylarni to'ldiring! Birodarlaringiz qo'liga muloyim bo'ling! Shayton uchun ochiqliklar qoldirmang! Kim safni etkazib (to'ldirib) tursa, Alloh ham uni (murodiga) etishtiradi. Kim safni uzsa, Alloh ham uni uzadi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilgan).

Safni to'g'rilash yoki to'ldirishga ishora bo'lganida shoshilmay, muloyimlik ila harakat qilish lozim.

Safda bir kishining o'zi yolg'iz turishi makruhdir. Shuning uchun kechikkan kishi imom ruku qilguncha, kimdir kelib, yoniga turishini kutib turadi. Agar hech kim kelmasa, oldingi safning o'ng yoki chap chetidagi bir kishining elkasiga engil turtib, orqaga o'tishga ishora qiladi. Agar oldingi safda turgan bu masaladan xabari bo'lmay, namozini buzib qo'yish xatari bo'lsa, safda bir o'zi turib, imomga iqtido qilaveradi. 

Namoz ichida bir saf miqdoricha yurish, ya'ni oldingi safga o'tish namozni buzmaydi. Ammo ikki saf oldinga yurmoqchi bo'lsa, o'rtadagi safda bir oz (eng kamida uch tasbeh aytish muddaticha) to'xtab, keyin oldingi safga o'tishi kerak. Birdaniga ikki saf yursa, namozi buziladi (“Olamgiriya”, “Qozixon”).

Manbalar asosida

Akmalxon AHMYeDOV

tayyorladi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   34889   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari