Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Islom tinchlik va omonlik dini bo‘lishlik bilan bir qatorda, o‘zgalarni ham doimo tinchlikka ergashishlikka, uni asramoqlikka chaqiradi. Yaratgan tomonidan bu dinni Islom deb nomlanishi ham fikrimizning yaqqol isbotidir[1].
Islom so‘zi arabcha “salama” yoki “salima” so‘zlaridan olingan bo‘lib, bu so‘zlar “tinchlik”, “omonlik”, “xavfsizlik”, “salomat bo‘lish” kabi ma’nolarni anglatadi. Islom so‘zining lug‘aviy ma’nosidan shu ayon bo‘ladiki, Islom faqat va faqat tinchlikka da’vat etadi.
Din sifatida esa u o‘zida tinchlikni mujassamlagan va uning timsoliga aylangan. U bashariyatni sabr-toqatli, tinchliksevar, mehr-muruvvatli, tartibli, bag‘rikeng, qanoatli bo‘lishlikka targ‘ib etadi.
Agar Qur’oni karim yoki Hadislarda zikr etilgan muslim yoki mo‘min so‘zlarining ma’no, mazmuniga ahamiyat beradigan bo‘lsak, shu aniq bo‘ladiki Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam nazdida, “muslim” o‘zida tinchlik va omonlikni mujassamlagan bo‘lsa, “mo‘min” esa mehr-muxabbat, tinchliksevar, bag‘rikenglik, og‘ir-bosiqlik, sokinlik, kabi asl insoniy fazilatlarga ega shahs tushuniladi.
“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] "Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir" (Oli Imron surasi, 19-oyat); "Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim" (Moida surasi, 3-oyat); "U sizlarni bundan oldin va (Qur’on)da Payg‘ambar sizlarga guvoh bo‘lishi uchun, sizlar esa, odamlarga guvohlar bo‘lishingiz uchun musulmonlar deb nomladi" (Haj surasi, 78-oyat).