Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Sentabr, 2025   |   1 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:11
Peshin
12:20
Asr
16:31
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
23 Sentabr, 2025, 1 Rabi`us soni, 1447

Muftiy hazratlari: "Musulmonlarning o‘zaro ahil hayot kechirishlari dinimiz amridir”

19.09.2025   11477   1 min.
Muftiy hazratlari:

Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.

Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.

Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati). 

Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Muftiy hazratlari:
Yangiliklar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har narsa ko‘ringanidek emas

22.09.2025   2077   1 min.
Har narsa ko‘ringanidek emas

Er-xotin havonot bog‘ida yurardi. Maymunlar yonidan o‘tayotganlarida ayoli urg‘ochi maymunga parvona bo‘layotgan erkak maymunni ko‘rib:

– Qarang, qanday g‘amxo‘r, mehribon ekan, – dedi.

Eri unga bir jilmayib indamay qo‘yaqoldi.

Keyin ular sherlar qafasi yonidan o‘tishdi. Erkak sher bir chetda beparvo yotar, urg‘ochisi undan uzoqda edi. Ayol eriga yana:

– Qarang, anavi sher ayolidan uzoqda, loqayd yotibdi. Oilasiga g‘amxo‘r emas, shekilli, – dedi.

Shunda er ayoliga:

– Qani, urg‘ochi sherga biror narsa uloqtirib ko‘r-chi? – dedi.

Ayol bir kichkina cho‘pni urg‘ochi sherga qarata uloqtirdi. Shunda erkak sher tezda o‘rnidan turib, vajohat bilan ayolini himoya qilish uchun ayolga tomon yugurib qoldi. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan ayol erining ortiga o‘tib oldi.  Er ayolini yetaklab maymunlar tomon yurdi va unga:

– Endi maymunlarga ham biror narsa uloqtir-chi? – dedi. Ayol yana bir cho‘pni olib achomlashib o‘tirgan maymunlarga qarata otdi. Shunda erkak maymun o‘zini jonini saqlash maqsadida daraxt tepasiga qarab qochib qoldi.

Erkak ayoliga qarab bunday dedi:

– Ko‘rdingmi, xotin, hamma narsa ham ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.

Darhaqiqat, ko‘pchilikni ko‘p narsalarning zohiri aldab qo‘yadi. Ammo ba’zan biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan narsalar aslidan boshqacha bo‘lib chiqishi ham mumkin. Yolg‘on ko‘ringan narsa esa ba’zida rost bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilmaylik.

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar