Ustoz Islom Abduttavvob ayollarining xislatlari haqida maqola yozibdilar:
“Odatda ayolini maqtab maqola yozgan odamni yoki erini maqtab maqola yozgan ayolni uchratmaymiz. Doim ikki tarafdan biri narigisi ustidan shikoyat qilib yozganini o'qiymiz va eshitamiz. Aslida ikkisidan biri yaxshi bo'lsa, oilasini baxtli oila qila oladi, garchi bunda jufti unga bog'lanmasa ham!”.
Men bir kuni ayolimning menga munosabati haqida o'ylab qoldim. E'tibor berib qarasam, u meni shu qadar yaxshi ko'rarkanki, doim atrofimda girdi-kapalak bo'larkan. Uning ko'z oldidan bir lahza ham g'oyib bo'lmasligim uchun “Qaniydi ishlari uyning o'zida bo'lsa edi!” deb orzu qilarkan. Ko'pchilik ayollar esa buning aksi, erlari ishga ketsa, o'zida yo'q xursand bo'lishadi.
Mening ayolim meni yaxshi ko'radi va yaxshi ko'rishini izhor qilishdan charchamaydi. U men bilan o'ynashishga, xursand qilishga harakat qiladi, g'amlarimni mendan aritish uchun… Men mahzun bo'lib qolsam, unga ham mahzunligim o'tadi. Mendan qayg'u va siqilishni ketkazish uchun mahzun qilayotgan narsa nimaligini ochiqlashga harakat qiladi.
Ayolim meni doim gapga soladi, chunki uni his qilishimni va undan boshqa narsa haqida o'ylamasligimni xohlaydi. Uydamas vaqtim telefon qilib gaplashadi, sevishini, menga ishtiyoqmand bo'lib o'tirganini izhor qiladi.
Men uni uy ishlarini qilmaydigan zamonaviy xonadondan olgan edim, uyida xizmatchilar bor edi. Lekin uylanganimdan keyin uy ishlarini shu darajada chiroyli tartibda bajaradigan bo'ldiki, men mutlaqo nuqson topa olmasdim.
Ayolim boshqa ayollar singari tillaga, uni yig'ishga qiziqmaydi. Aksincha yashab turgan uyimizdan yaxshiroq xonadonga ko'chmoqchi bo'lganimizda uni sotib yubordi. Keyinroq o'rniga o'rin tilla-taqinchoqlar olib beray, desam, unamadi va unga bermoqchi bo'lganim o'sha pulni uyga kerak bo'ladigan narsalarga ishlatdi.
E'tibor bersam, ayolim modomiki u bilan baxtli yashar ekanmiz, oz narsaga ham qanoat qilar ekan. U nimani xohlasa, bisyor qilinishiga o'rgangani uchun men unga to'kin-sochinchilik qilib berolmayotganimni aytib, afsusimni ifoda qilganimda, u darhol menga Alloh bizning ustimizga to'kib-sochib qo'ygan ne'matlarni eslatdi va biz Allohning roziligidan boshqa hech narsaga muhtoj emasligimizni aytdi!
Bizning ikkita farzandimiz bor. Ayolim juda yaxshi ona va tarbiyachi! Ularning tarbiyasi bilan shug'ullanishni o'zining darslaridan ham ustun ko'radi va natijada o'zining darslari orqaga suriladi. Alhamdulillah, bizning ikkala farzandimiz ham a'lochi, qarindoshlar va atrofdagilar ularning tarbiyasini maqtashadi.
Ayolim qo'shnilar bilan ham juda yaxshi muomalada. Ularga yordamlashishdan hech qochmaydi. Qo'lidagini ularga ehson qilishni yaxshi ko'radi.
U dugonalariga ham ayol eriga itoat etishi, bo'ysunishi lozimligini uqtiradi. Necha martalab dugonalaridan eriga itoatsizligi yoki qaysarligi sabab xafalashib qolganini eslayman!
Ayolim uyini hayotida birinchi o'ringa qo'yadi va u bunga hech achinmaydi. Men ayni vaqtda ayolim, ikki farzandim va ayolim jannatga aylantirgan uyim bilan juda baxtliman. Dunyoda aslo undan yuz o'girishni xohlamayman!
Ha, azizlar, u mening ayolim, men uni yaxshi ko'raman va Allohdan uni oliy Firdavs jannatida ham menga juft qilib berishini so'rayman! Men shunday ayolim borligi bilan faxrlanaman!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Islom dini odamlarning tafriqaga bo‘linishni qoralaydi. Mintaqamiz va yurtimiz musulmonlari Qur’on va hadisdagi aqidaviy va fiqhiy masalalarni tushunishda Ahli sunna val jamoaning moturidiy aqidasi va hanafiy mazhabidalar.
Ahli sunna val jamoa islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning katta qismini tashkil qilgan. Afsuski, hozirgi kundagi o‘zini Ahli sunna val jamoadanman deb da’vo qiladigan kimsalarning aytayotgan gaplari va tutayotgan yo‘llari sunnatga zid hisoblanadi. Alloh subhonahu va taolo ham Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashni alohida buyurgan:
“Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar" (Hashr surasi, 7-oyat).
Demak, "Ahli sunna val jamoa"dan ajramaslik lozim ekan. "Kim jannatning qoq o‘rtasini iroda qilsa, jamoatni lozim tutsin" deyilgan.
Jamoatdan ajrab qolish oqibati ham sahih hadisi shariflarda o‘z aksini topgan. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimki jamoatdan bir qarich ajralsa, o‘ladigan bo‘lsa, faqatgina johiliyat o‘limi ila vafot etadi!” (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).
Har bir firqa vakillari o‘zlarini ahli sunna val jamoa vakili deb biladi va o‘zlarining guruhlaridan boshqalarni bu yo‘ldan ayrilgan, deb biladi. Chunki, har qanday firqa va oqimning bir necha yuzlab, balki minglab va millionlab vakillari bo‘lishi mumkin va bu o‘ziga xos jamoatni yuzaga keltiradi, albatta.
Ahli sunna val jamoa aytganimizdek, musulmonlarning mutlaq ko‘pchiligi bo‘lganlar va sunnatga amal qilib kelgan musulmonlarning katta jamoasini tashkil qiladi.
Shunday ekan, Alloh taolo barchalarimizni, xususan yoshlarni tug‘ri yo‘lda sobit qadam qilsin.
Kosonsoy tuman bosh imom-xatibi Azizov Qodirxon
Manba: @Softalimotlar