Inson hayoti tafsilotlardan iborat. Ba’zan oddiy ko‘ringan amallar orqasida yuksak hikmatlar yashiringan bo‘ladi. Ana shunday amallardan biri – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sut ichgandan so‘ng og‘izlarini suv bilan chayganlaridir. Bu holat bizga faqat bir sunnat emas, balki poklik, hushyorlik va tafakkur darsi hamdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sut ichdilar, so‘ng og‘izlarini suv bilan chayqadilar va dedilar: “Albatta, uning yog‘i bor” (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Ayniqsa, kechasi uxlashdan oldin sut ichib og‘izni chaymaslik kariyes (chirish) va gingivit (yallig‘lanish) kabi kasalliklarni tezlashtiradi. Shuning uchun ham tibbiyotda og‘izni chayish og‘izdagi bakterial muvozanatni saqlash, tishlar orasini tozalash, yaxshi nafas olish va kasallikning oldini olish uchun juda ham muhimdir.
Kechki payt, ayniqsa uyqu oldidan ichilgan sutdan so‘ng og‘izni chaymaslik tishlarning tunda erib borishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, kofe, meva sharbati, gazli ichimliklar kislotali muhitga sabab bo‘lsa, sut esa aksincha – ishqoriy muhit hosil qiladi. Ammo uni chaymaslik bakteriyalar uchun “sherik” topish bilan barobardir. Shu boisdan tajribali stomatologlar sut ichgandan keyin kamida 20–30 soniya davomida suv bilan og‘iz chayishni tavsiya qiladilar.
Aslida, bu amal faqat gigiyena emas, balki ongli va shuurli yashash madaniyatini ham o‘rgatadi. Inson har bir amalda e’tiborli bo‘lishi kerak. Ya’ni inson doimo o‘ziga: “Qanday ovqat yeyapman? Yeyayotgan taomim zararli emasmi? Og‘zimda nima qolmoqda?” kabi savollarni berib turishi kerak.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’kidlaganlaridek, poklik – iymonning bir qismidir. Zero, og‘iz faqat ovqat yo‘li emas – u zikr, ibodat va tilovat yo‘li hamdir. Uning tozaligi – zikr va ibodatdan hosil bo‘ladigan qalb tozaligiga ham ta’sir qiladi.
Sut ichib og‘iz chayish – bu shunchaki suvni og‘izda aylantirish emas. Bu – badan pokligi, ilmga asoslangan sog‘liq himoyasi va sunnatga e’tibor demakdir. Bugun biz uni har tong, har kech, har stakan ichimlikdan so‘ng amalga oshirsak, bu nafaqat sog‘lig‘imizni saqlaydi, balki ruhiy salomatligimizga ham foyda beradi.
Alloh bizga sunnatni sevishni va amal qilishni, uning orqasidagi hikmatni anglab yashashni nasib etsin!
Ruqayya YUSUFIY,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.
Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz