Saudiya Arabistonining Madina shahrida «Al-Urz va al-Kabab» nomli birinchi o'zbek tamaddixonasi ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Restoran Saudiya Arabistoni aholisi va dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar uchun o'zbek milliy taomlari, xalqimiz an'analari va madaniyati bilan yaqindan tanishish nuqtasiga aylanadi.
E'tiborlisi, bu erda mijozlarga taklif etilayotgan taomlar milliy uslubda ishlagan idishlarga taqdim etilyapti. Restoranning barcha burchaklari maxsus monitorlar bilan jihozlangan bo'lib, ularda xorijlik mehmonlarga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shaharlari, urf-odatlari, sayyohlik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish qilinmoqda.
Mazkur majmua Saudiya Arabistonidagi vatandoshlarimiz Abror Akmalov va taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy tomonidan tashkil etildi.
Ularning aytishicha, ushbu restoran o'z mijozlari sonin kengaytirganidan keyin, Jidda va Makkada filial ochish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulligi xodimlari tadbirkorlarga restoranni targ'ibot materiallari bilan ta'minlashga yordam bermoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati