O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahar «Abu Bakr as-Siddiq» jome’ masjidida gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Ushbu suhbatda imom-noib Dilshod domla Xodiyev ma’ruza qilib, «Musulmonning musulmonga nisbatan ehtiromi» mavzusida batafsil tushunchalar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollariga javob berildi. Jarayon malakali surdo tarjimon orqali ishtirokchilarga yetkazilib, ularning to‘liq faol ishtirokini ta’minladi.
Suhbat yakunlangach, homiylar ko‘magida ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Yaratgan Haq taolo bu xayrli ishlarni bardavom va samarali aylasin!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.
Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.
Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar” (Furqon surasi, 44-oyat).
“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).
“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).
Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.
Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.
Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.
Davron NURMUHAMMAD