O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimiz islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va butun dunyoda keng targ‘ib qilishni davom ettirishini ta’kidladi.
"Biz jamiyatimizdagi bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettiramiz!", - dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi.
"Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatidamiz", - ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom institutida “Sentyabr – Islom tarixi va siyrat fan oyligi” doirasida institutning 3-kurs talabalari o‘rtasida "Hidoyat mayog‘i” nomli siyrat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat bo‘limi yetakchi mutaxassisi, TII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Umidjon Xodjayev, institut rektori Uyg‘un G‘afurov, Ilmiy ishlar va fan bo‘yicha prorektori Soatmurod Primov, shuningdek, "Hadis va islom tarixi fanlari" kafedrasi ustozlaridan iborat hakamlar guruhi ishtirok etdi.
Musobaqa an’anaga muvofiq Qur’on tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Tadbirni institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Musobaqada 3-kurs talabalaridan iborat Ibn Kasir, Ibn Hajar Asqaloniy va Imom Zahabiy jamoalari o‘rtasida qiziqarli bahslar bo‘lib o‘tdi.
Yakunda birinchi o‘rin Ibn Kasir jamoasiga, ikkita ikkinchi o‘rin Imom Zahabiy va Ibn Hajar Asqaloniy jamoalariga nasib etdi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalom siyratlariga bag‘ishlangan ana shunday tadbirlar "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati