O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Fatvolar to'plami. 500 savolga 500 javob” nomli kitobni o'qib g'oyat quvondim.
To'plamda berilgan savol-javoblar har bir mo'min-musulmon uchun nihoyatda foydalidir. Uni o'qigan kishi e'tiqod, bid'at-xurofot, tahorat, namoz, zakot, ro'za, haj va umra, qurbonlik, savdo, nikoh, taloq, emizish, qasam, nazrlar, ijara, meros, ruhiy tarbiya, zikr kabi turli muhim mavzularda zaruriy bilimlarga ega bo'ladi.
Kitobda to'g'ri fatvo berish orqali insonlarni yaxshilikka yo'llash, yomonliklardan qaytarish savobli, ilmsiz, asossiz berilgan har qanday fatvo xatarli, noto'g'ri ekani, etarli bilim va tajribaga ega bo'lmay turib fatvo berish og'ir gunohga yo'l ochishi, odamlarni ixtilofga solib qo'yishi misol va dalillar asosida yoritilgan.
Ayrim kishilar ilmni “dunyoviy ilm”, “diniy ilm” deb ajratishlari kuzatiladi. Islom dini esa insonlarni har qanday foydali ilmni o'rganishga targ'ib qiladi. Zero, ilm bo'lmagan joyda qoloqlik, jaholat, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi.
To'plam turli tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab jarayonda g'oyatda kerakli manba bo'lib xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga qarshi qaratilgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan uydirma axborotlar, etti yot begonalarga ko'r-ko'rona ergashishlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibali” tasvirlar, mazhabsizlik kabi illatlarning asli puch, zararli ekanini ko'rsatib berishi o'quvchini o'ziga yanada ko'proq jalb etadi.
Zabardast ahli ilmlar hozirlagan ilmiy manbalarni o'qib, “Biz boshqalarga ergashuvchi emas, aksincha, doim ergashtiruvchi xalq bo'lib kelganmiz”, degan faxrni tuydim.
Sultonxoja ARIPHO'JAYeV,
mehnat faxriysi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan