Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shayx imom Abulqosim Qushayriy rahimahullohdan naql qilinadi. U zotning farzandi qattiq kasal bo‘lgani haqida shunday hikoya qiladi: “Hatto umidsizlanib qoldim, bu ish (o‘g‘limga yetgan xastalik) menga juda azob berdi. Shunda tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zotga o‘g‘limning xastaligidan shikoyat qildim. Shunda u zot: “Qur’onda shifo oyatlari bor-ku, e’tibor qilmadingmi?” dedilar. Uyg‘onib ketdim, ular haqida tafakkur qildim. Ushbu mazmundagi oyatlar Allohning Kitobida oltita o‘rinda kelar ekan:
1. "(Alloh) mo‘minlar jamoasining ko‘ngillariga shifo (huzur-halovat) bergay" (Tavba surasi, 14-oyat).
2. "Ey insonlar! Robbingizdan sizlarga bir nasihat, dillardagi narsalarga (yomon tuyg‘ular, shahvat, botil aqiyda, dard va qiynoqlarga) shifo hamda mo‘minlarga (to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi) hidoyat va rahmat (bo‘lgan Qur’on) keldi" (Yunus surasi, 57-oyat).
3. "Ularning (asalarilarning) qorinlaridan rango-rang bir ichimlik (asal sharbati) chiqadiki, u insonlar uchun shifo (manbayi)dir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun ibrat (va Allohning qudratiga ishora) bordir" (Nahl surasi, 69-oyat).
4. "Biz Qur’ondan mo‘minlar uchun (ruhiy va badaniy kasalliklariga) shifo va rahmat bo‘ladigan narsalarni nozil qilurmiz" (Isro surasi, 82-oyat).
5. “Bemor bo‘lgan vaqtimda menga shifo berguvchi U (Alloh)dir” (Shu’aro surasi, 80-oyat).
6. "U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir" (Fussilat surasi, 44-oyat).
U kishi so‘zlarida davom etib aytadilar: “Oyatlarni bir qog‘ozga yozib chiqdim va uni suvda eritib, aralashtirdim. So‘ngra uni o‘g‘limga ichirdim. Shundan so‘ng u bog‘ichi yechilgandek bo‘lib, faol va sog‘lom bo‘lib ketdi”.
Shayx Nabihaniy rahimahullohning “Sa’adatu darayn” kitobidan.
BARCHA GUNOHLAR MAG‘FIRAT QILINADI
Hofiz Kamoliddin Damiriy rahimahulloh Ibn Abbos roziyallohu anhudan marfu’ rivoyat qilingan ushbu xabarni keltiradi: "Kim rajab va sha’bon oyida
اَسْتَغْفِرُ اللهَ الْعَظِيْمَ الَّذِى لَااِلَهَ اِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّوْمُ وَاَتُوْبُ اِلَيْهِ تَوْبَةَ عَبْدٍ ظاَلِمٍ لَايَمْلِكُ لِنَفْسِهِ ضَرًّا وَلَانَفْعًا وَلَامَوْتًا وَلَاحَيَاةً وَلَانُشُوْرًا
"Astag‘firullohal a’ziym allaziy laa ilaha illa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi tavbata ’abdin zoolimin laa yamliku linafsihi zorran va laa naf’an va laa mavtan va laa hayaatan va laa nushuuron" duosini yetti marta takrorlasa Alloh taolo ikki vakil qilingan farishtaga uning gunoh sahifalarini o‘chirib yuborishni buyuradi".
Davron NURMUHAMMAD