Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:16
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2025, ,
Maqolalar

Farzandim bemor

25.09.2025   7784   2 min.
Farzandim bemor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Shayx imom Abulqosim Qushayriy rahimahullohdan naql qilinadi. U zotning farzandi qattiq kasal bo‘lgani haqida shunday hikoya qiladi: “Hatto umidsizlanib qoldim, bu ish (o‘g‘limga yetgan xastalik) menga juda azob berdi. Shunda tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zotga o‘g‘limning xastaligidan shikoyat qildim. Shunda u zot: “Qur’onda shifo oyatlari bor-ku, e’tibor qilmadingmi?” dedilar. Uyg‘onib ketdim, ular haqida tafakkur qildim. Ushbu mazmundagi oyatlar Allohning Kitobida oltita o‘rinda kelar ekan:

1. "(Alloh) mo‘minlar jamoasining ko‘ngillariga shifo (huzur-halovat) bergay" (Tavba surasi, 14-oyat).

2. "Ey insonlar! Robbingizdan sizlarga bir nasihat, dillardagi narsalarga (yomon tuyg‘ular, shahvat, botil aqiyda, dard va qiynoqlarga) shifo hamda mo‘minlarga (to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi) hidoyat va rahmat (bo‘lgan Qur’on) keldi" (Yunus surasi, 57-oyat).  

3. "Ularning (asalarilarning) qorinlaridan rango-rang bir ichimlik (asal sharbati) chiqadiki, u insonlar uchun shifo (manbayi)dir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun ibrat (va Allohning qudratiga ishora) bordir" (Nahl surasi, 69-oyat).

4. "Biz Qur’ondan mo‘minlar uchun (ruhiy va badaniy kasalliklariga) shifo va rahmat bo‘ladigan narsalarni nozil qilurmiz" (Isro surasi, 82-oyat).

5. “Bemor bo‘lgan vaqtimda menga shifo berguvchi U (Alloh)dir” (Shu’aro surasi, 80-oyat).

6. "U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir" (Fussilat surasi, 44-oyat).

U kishi so‘zlarida davom etib aytadilar: “Oyatlarni bir qog‘ozga yozib chiqdim va uni suvda eritib, aralashtirdim. So‘ngra uni o‘g‘limga ichirdim. Shundan so‘ng u  bog‘ichi yechilgandek bo‘lib, faol va sog‘lom bo‘lib ketdi”.

 

Shayx Nabihaniy rahimahullohning “Sa’adatu darayn” kitobidan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

22.12.2025   3596   2 min.
Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.

Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan. 

Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi. 

Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.

Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas. 

Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi. 
 
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,

islomiy ilmlar kulliyasi doktori

*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA