Qoziyotda to‘qqiz oyning yakuni bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
25 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti majlislar zalida respublikamizdagi masjid imom-xatiblari ishtirokida 2025 yilning 9 oylik yakuni bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda diniy soha xodimlariga tegishli bo‘lgan vazifalar, yutuqlarimiz bilan birga kamchiliklarimiz ham borligi, kelgusida qilinadigan ishlar, imom-xatiblar faoliyatini yanada oshirish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, imom-xatiblarning o‘zlariga biriktirilgan mahallalar bilan yaqin aloqada bo‘lish, bid’at-xurofotlarga chek qo‘yish, shuningdek, yoshlar orasida ta’lim-tarbiya masalalari, kiyinish madaniyati, jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berishimiz, mehnat migrantlari bilan birgalikda ish olib borish va boshqa muhim masalalar haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov boshqarib bordi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati