1. Uch marta “Astag‘firulloh” deb, so‘ngra ushbu duoni o‘qish:
اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلامُ وَمِنْكَ السَّلامُ تَبَارَكْتَ ذَا الْجَلالِ وَالإِكْرَام
“Allohumma antas salaam va minkas salaam. Tabaarokta yaa zal Jalaali val Ikrom”
“Yo Alloh! Sen Salomsan. Omonlik Sendandir. Ey, buyuklik va ikrom Sohibi bo‘lgan Zot, Sen ulug‘san”.
2. Oyatal – kursiyni o‘qish. Har farz namozidan so‘ng Oyatal-kursiyni o‘qib yurgan kishini jannatdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi.
3. “Subhanalloh”, “Alhamdulillah” va “Allohu akbar”ni o‘ttiz uch martadan aytib, bir marotaba “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulli shayin qodiyr”ni o‘qish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta (Subhanalloh) Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta (Alhamdulillah) Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta “Allohu akbar” desa, jami to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzta bo‘lishi uchun – “Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr” deb aytsa, gunohlari dengiz ko‘pigi kabi ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi» (Imom Muslim rivoyati) dedilar.
4. Quyidagi zikrni o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير. اللهم لا مانع لما أعطيت ولا معطي لما منعت ولا ينفع ذا الجد منك الجد
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr. Allohumma laa maania’ lima a’toyta va laa muti’a lima mana’ta va laa”.
“Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U Yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Mulk va maqtov Unga xosdir. U barcha narsaga qodirdir.”
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr», deb o‘n marta aytsa, Ismoil zurriyotidan to‘rt kishini ozod qilgandek bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim: «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr», deb bir kunda yuz marta aytsa, o‘nta qul ozod qilgan barobarida bo‘libdi. Unga yuzta hasanot yozilib, yuzta yomonligi o‘chiriladi, kech kirgunicha shaytondan omonda bo‘ladi. Uning bu amalidan afzalroq ishni hech kim qila olmaydi. Faqat shu kalimalarni ko‘proq aytgan kishi o‘zib ketishi mumkin”, dedilar.
5. Quyidagi zikrni o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير لا حول ولا قوة إلا بالله، لا إله إلا الله ولا نعبد إلا إياه له النعمة وله الفضل وله الثناء الحسن ولا إله إلا الله مخلصين له الدين ولو كره الكافرون
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulli shayin qodiyr. Laa havla va laa quvvata illa billah. Laa ilaha illallohu va laa na’budu illa iyyahu lahun nimatu va lahul fazlu va lahus sanaul husna. Va laa ilaha illallohu muxlisiyna lahud diyn va lav karihal kaafiriyn”
6. Ushbu duoni o‘qish:
اللهم أعني على ذكرك وشكرك وحسن عبادتك
“Allohumma a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik”
“Allohim! O‘zingni zikr qilish, shukr qilish va Senga chiroyli ibodat qilishimda madad ber”.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan tutib, “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni yaxshi ko‘raman”, dedilar. “Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Allohga qasamki, men ham sizni yaxshi ko‘raman”, dedim. U zot alayhissalom: “Ey Muoz, har (farz) namozdan so‘ng: “Allohumma, a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik” deb aytgin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan keyin bunday duo qilar edilar:
“Allohumma, inniy a’uuzu bika minal jubni val buxl va a’uuzu bika min fitnatid dunya va a’uzu bika min fitnatil qobr”
“Allohim, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan panoh so‘rayman. Dunyo fitnasidan panoh so‘rayman. Qabr fitnasi (qabrda ikki farishtaning savollariga javob bera olmay qiynalish)dan panoh so‘rayman” (Imom Buxoriy rivoyati).
7. Ixlos, Falaq va Nas suralarini o‘qish: Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng uch martadan o‘qiladi.
8. Quyidagi zikrni Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng o‘n martadan o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له له الملك وله الحمد يحيي ويميت وهو على كل شيء قدير
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu yuhyii va yumiytu va huva a’laa kulli shayin qodiyr”.
“Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U Yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Mulk va maqtov Unga xosdir. U barcha narsaga qodirdir”.
9. Tasbehlarni o‘ng qo‘l bilan sanash. O‘ng qo‘l bilan sanash afzaldir.
10. Mazkur zikrlarni namoz o‘qigan joyda qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir tasbeh (Subhanalloh) sadaqadir[1]. Har bir takbir (Allohu akbar) sadaqadir. Har bir tahmid (Alhamdulillah) sadaqadir. Har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) sadaqadir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu ko‘chat o‘tkazayotganlarida yonlaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar va aytdilar: “Ey Abu Hurayra, seni sening uchun bundan-da yaxshi narsaga dalolat qilaymi?”.
U kishi: “Ha, ayting, yo Rasululloh”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanalloh, Allohu akbar, Alhamdulillah, Laa ilaha illalloh degin, har biriga sening uchun jannatda bir daraxt o‘tkaziladi”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ushbu zikrlar namozda bo‘lgan nuqson, kamchiliklarning o‘rnini to‘ldiradi.
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati