27 sentyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Yangi O‘zbekistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va islom ma’rifatining xalqaro e’tirofi" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi.
Anjuman Prezidentimizning AQSHga amaliy tashrifi va BMT Bosh Assambleyasining saksoninchi sessiyasidagi nutqi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
– BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar bugungi anjumanga ilmiy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi rektor Muzaffar Komilov. – Bu chiqish nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va jahon miqyosida katta qiziqish uyg‘otdi.
Konferensiyada muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zlab, jumladan bunday dedilar:
– 2017 yilda davlatimiz Rahbari BMT yuksak minbaridan turib, ushbu tashkilot tarixida ilk marta Imom Buxoriy bobomiz nomlarini zikr qilgan edilar. Bu safar ham buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini alohida e’tirof etdilar. Zero, bugungi dunyoda islom ma’rifati, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishning dolzarbligi ortib bormoqda.
Shuningdek, so‘zga chiqqan ishtirokchilar ma’ruzadagi tinchlik-osoyishtalikni saqlash, afg‘on xalqiga ko‘mak berish, xavf-xatarlarga qarshi kurashish, dunyoda kambag‘allikka barham berishi, ekologiya, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va ajdodlar ilmiy merosini o‘rganish kabi dolzarb masalalarning mazmun mohiyatiga katta e’tibor qaratdilar.
Anjuman qizg‘in va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا الحسن بن علي بن عفان العامري نا ابن نمير عن الأعمش عن إبراهيم عن علقمة عن عبد الله قال: لما نزلت هذه الآية :﴿الذين آمنوا ولم يلبسوا إيمانهم بظلم﴾ قالوا: يا رسول الله وأينا لا يظلم نفسه قال: ليس ذلك هو الشرك ألم تسمعوا إلى ما قال لقمان لابنه :﴿يا بني لا تشرك بالله إن الشرك لظلم عظيم﴾.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Iymon keltirgan va iymonlariga zulmni aralashtirmaganlar” oyati nozil bo‘lganda, odamlar: “Yo, Allohning Rasuli, qay birimiz o‘ziga zulm qilmas ekan?” dedilar.
U zot alayhissalom: “Bunday emas, bu (aytilgan zulm) shirkdir. Luqmonning o‘g‘liga: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir”, deb aytganini eshitmaganmisizlar ?” dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi