So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jadal islohotlar jarayonlari kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ham tub o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Bu o‘zgarishlar nafaqat xalqimiz uchun, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotgani bejiz emas. Shu sababdan ham O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi mavqei yanada ortib bormoqda.
Davlatimiz uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yalpi majlisida nutq so‘zladi. Global hamda mintaqaviy masalalar, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash borasidagi natijalarga alohida e’tibor qaratdi va “8 yil avval biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirish qarorimizni e’lon qilgan edik. Bugun esa faxr bilan aytish mumkinki, bu maqsadga erishdik. Endilikda yopiq chegaralar va hal etilmagan nizolar davri ortda qoldi”, dedi. Zotan, odamlarning asli bir. Bir ota va bir onaning farzandlaridir. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Buning sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilishdir. “Hujurot” surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey insonlar, biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro bir-biringizni tanishingiz uchun xalqlar va qabilalar qildik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatlingiz taqvodoringizdir” (“Hujurot” surasi, 13-oyat).
Muhtaram Prezidentimiz iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligini insoniyat uchun eng jiddiy tahdid sifatida qayd etdi. Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi”ni o‘tkazish tashabbusi, shuningdek, “Jahon yoshlarining tinchlik harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston rahbarining BMT doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror taraqqiyotga erishish maqsadlariga ulkan amaliy hissa bo‘lib qo‘shilayotgani dunyoning nufuzli ekspertlari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Diqqat bilan qarasak, davlatimiz rahbari xalq farovonligi, yurt obodligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotganini ko‘ramiz. Bu harakatlar ichki va tashqi siyosatda birday davom etmoqda. Maqsad – Vatanimiz shuhratini yanada yuksaklarga ko‘tarish, xavsizligini ta’minlash, har bir fuqaroning manfaat va huquqlarini himoya qilish, farovon hayot tarzini ta’minlash. Bu kabi ulug‘ fazilatlar muqaddas dinimizda madh etiladi. Zero, Alloh taolo insonlarni yer yuzini obod qilishga chaqirgan. Unda fasod va buzg‘unchilik qilish, vayrongarchilik qilishdan qaytargan: “Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar, yer yuzida buzg‘unchilik jinoyatlarini qilmanglar” (Baqara surasi, 60-oyat). Boshqa bir oyatda bunday deyiladi: “U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi” (Hud surasi, 61-oyat).
Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamnafas bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati Yurtboshimiz singari har bir fuqaro, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlansa, yurt tinch, xalq farovon bo‘ladi. Insonga naf yetkazish esa ikki dunyo saodatiga sabab bo‘ladi.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati