O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida bir guruh xodimlar tizimda uzoq yillar davomida ishlagan faxriy ustozlar va ilm-ma’rifat yo‘liga umrini bag‘ishlagan ahli ilmlarni yo‘qlab borishdi.
Jumladan, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Rahmatulloh qori Obidov, Jaloliddin hoji Nuriddinov, Ahmadjon domla Bobomurodzoda, Abdulhakim qori Matqulov kabi fazilatli ustozlar diydoriga musharraf bo‘lindi.
Tashriflar davomida ustozlarning foydali suhbat va nasihatlari tinglandi. Ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy soha rivojiga qo‘shgan hissalari e’tirof etildi. Ularga esdalik hadyalar taqdim etildi.
Faxriy ustozlar bunday e’tibor va ehtiromdan mamnun bo‘lganlarini bildirib, yurtimiz, yurtboshimiz, muftiy hazratlari va boshqalar haqlariga duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil, 2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahar "Rakat" jome masjididagi taroveh namozida ishtirok etib, jamoatga Ramazoni sharif fazilati, tinchlik-osoyishtalikni qadri to‘g‘risida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Muftiy hazratlari masjidga yig‘ilgan mo‘min-musulmonlarga bu yil Ramazoni sharif yurtimizda o‘zgacha shukuhda o‘tayotgani, bir oygina mehmon bo‘lgan g‘animat oyning rahmat dahasi ham tugab, ikkinchi o‘n kunlik – mag‘firat dahasi boshlangani, ayni kunlarda Alloh taolodan ko‘proq ofiyat so‘rash lozimligi, bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”, deya marhamat qilganlarini bayon etdilar.
Shuningdek, duolar qabul bo‘ladigan fursatlarda Haq taolodan dunyoning ko‘plab hududlaridagi notinchliklar tez orada barham topishi va yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni bardavom bo‘lishini so‘rash, ushbu ne’matning qadriga yetish lozimligini qayd etdilar.
Manfaatli suhbat yakunida Muftiy hazratlari Alloh taolodan barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildilar.
#xabar #taroveh #muftiy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati