O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida bir guruh xodimlar tizimda uzoq yillar davomida ishlagan faxriy ustozlar va ilm-ma’rifat yo‘liga umrini bag‘ishlagan ahli ilmlarni yo‘qlab borishdi.
Jumladan, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Rahmatulloh qori Obidov, Jaloliddin hoji Nuriddinov, Ahmadjon domla Bobomurodzoda, Abdulhakim qori Matqulov kabi fazilatli ustozlar diydoriga musharraf bo‘lindi.
Tashriflar davomida ustozlarning foydali suhbat va nasihatlari tinglandi. Ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy soha rivojiga qo‘shgan hissalari e’tirof etildi. Ularga esdalik hadyalar taqdim etildi.
Faxriy ustozlar bunday e’tibor va ehtiromdan mamnun bo‘lganlarini bildirib, yurtimiz, yurtboshimiz, muftiy hazratlari va boshqalar haqlariga duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati