Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan taqvodorlari ko‘tarib yuradilar, ular ilmni g‘uluvga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan olimlardan edi. Shu sababli ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul huda», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi».
Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitoblarida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:
«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahumullohning e’tiqodlari nazarda tutiladi». Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan: «Shuni bilki, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan».
Yuqoridagi e’tiroflardan ko‘rinib turibdiki ahli sunna val jamoa e’tiqodi asoschisi bo‘lmish ikki qutb imomi Imom Moturidiy va Imom Ashariylar tuzgan aqida manhajlari albatta eng to‘g‘ri manhaj hissoblanadi.
Sharifxon Payzullayev,
Namangan shahri "Homiddin qori" jome masjidi imom-noibi
Manba: @Softalimotlar
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati