Bugun, 4 oktyabr kuni Buxoro davlat texnika universitetida “Ta’lim va odob-ahloqda Bahouddin Naqshband ta’limotining o‘rni” nomli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Malayziyadagi Jahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdulkarim bin Hadid, indoneziyalik professor, doktor shayx Ali Masiykur Muso, rossiyalik shayx Mavlon Dildor Safarali, bangladeshlik shayx Safiul A’zam Xodim kabi taniqli ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov nufuzli olimlarni yurtimizga tashriflari bilan qutlab, ushbu anjuman Bahouddin Naqshband ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tasavvuf ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etishda yana bir bosqich bo‘lishini e’tirof etdi.
Ma’lumki, Bahouddin Naqshbanddan keyin “naqshbandiya” nomi bilan keng tanila boshlagan xojagon-naqshbandiya tariqati islom olamida vujudga kelgan ilk so‘fiylik tariqatlaridan biri hisoblanadi. U aksariyat tariqatlardan farqli ravishda, paydo bo‘lgan vatani — O‘rta Osiyodan boshqa ko‘pgina o‘lkalarda ham tarqalgan. So‘fiylik tariqatlari orasida birinchilardan bo‘lib tarkidunyochilikka qarshi ijtimoiy faol turmush tarzini targ‘ib qilgan. Bahouddin Naqshband ilgari surgan “Dil ba yoru — dast ba kor”, ya’ni “Diling Xudoda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, degan ezgu shior zamirida umuminsoniy g‘oyalar, ma’naviy kamolot, botiniy poklik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham bu tariqatning mavqei ko‘tarilib, dunyo bo‘ylab yoyildi.
– So‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarimizning tiklanishiga yurtimizda alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Homidjon domla Ishmatbekov. – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi A’zam va boshqa so‘fiy allomalar mangu qo‘nim topgan qadamjolar obod etilib, butunlay yangi qiyofaga kirdi. Buxoroda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi faoliyat yurityapti. Ushbu markaz tashabbusi bilan 2018 yildan buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy jurnali nashr etib kelinadi. An’anaviy tarzda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida har yili sentyabr oyi uchinchi juma kuni Respublika naqshbandxonlik ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazib kelinadi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar yurtimizda tasavvuf ta’limoti doirasida shakllangan qadriyatlar, insoniy odob-axloq mezonlari, tinchlikparvarlik g‘oyalaridan yosh avlodni vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarga ehtirom ruhida tarbiyalashda hamda buzg‘unchi aqidaparast va diniy-ekstremistik g‘oyalarga qarshi turishda samarali foydalanish borasida ham fikr-mulohazalar bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati