Bugun, 4 oktyabr kuni Buxoro davlat texnika universitetida “Ta’lim va odob-ahloqda Bahouddin Naqshband ta’limotining o‘rni” nomli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Malayziyadagi Jahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdulkarim bin Hadid, indoneziyalik professor, doktor shayx Ali Masiykur Muso, rossiyalik shayx Mavlon Dildor Safarali, bangladeshlik shayx Safiul A’zam Xodim kabi taniqli ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov nufuzli olimlarni yurtimizga tashriflari bilan qutlab, ushbu anjuman Bahouddin Naqshband ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tasavvuf ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etishda yana bir bosqich bo‘lishini e’tirof etdi.
Ma’lumki, Bahouddin Naqshbanddan keyin “naqshbandiya” nomi bilan keng tanila boshlagan xojagon-naqshbandiya tariqati islom olamida vujudga kelgan ilk so‘fiylik tariqatlaridan biri hisoblanadi. U aksariyat tariqatlardan farqli ravishda, paydo bo‘lgan vatani — O‘rta Osiyodan boshqa ko‘pgina o‘lkalarda ham tarqalgan. So‘fiylik tariqatlari orasida birinchilardan bo‘lib tarkidunyochilikka qarshi ijtimoiy faol turmush tarzini targ‘ib qilgan. Bahouddin Naqshband ilgari surgan “Dil ba yoru — dast ba kor”, ya’ni “Diling Xudoda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, degan ezgu shior zamirida umuminsoniy g‘oyalar, ma’naviy kamolot, botiniy poklik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham bu tariqatning mavqei ko‘tarilib, dunyo bo‘ylab yoyildi.
– So‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarimizning tiklanishiga yurtimizda alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Homidjon domla Ishmatbekov. – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi A’zam va boshqa so‘fiy allomalar mangu qo‘nim topgan qadamjolar obod etilib, butunlay yangi qiyofaga kirdi. Buxoroda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi faoliyat yurityapti. Ushbu markaz tashabbusi bilan 2018 yildan buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy jurnali nashr etib kelinadi. An’anaviy tarzda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida har yili sentyabr oyi uchinchi juma kuni Respublika naqshbandxonlik ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazib kelinadi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar yurtimizda tasavvuf ta’limoti doirasida shakllangan qadriyatlar, insoniy odob-axloq mezonlari, tinchlikparvarlik g‘oyalaridan yosh avlodni vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarga ehtirom ruhida tarbiyalashda hamda buzg‘unchi aqidaparast va diniy-ekstremistik g‘oyalarga qarshi turishda samarali foydalanish borasida ham fikr-mulohazalar bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ustozimiz shayx Jamoliddin Hoshim hafizahulloh bir suhbatlarida ustozlari shayx Abdussobur Azhariy (1941-2015) rahimahullohni eslab bunday dedilar: “Ustozim shayx Abdussobur rahimahulloh o‘zida Azharning barcha ilmlarini jamlagan edi. U tafsir, fiqh, arab tili, falsafa, mantiq ilmlarining bilimdoni, yetuk notiq, Alloh taoloning fozil bandalaridan, avliyolaridan edi.
Uning ikki ko‘zi ojiz bo‘lsada, qalbi ochiq edi. Uning juda ko‘p ajoyib xislatlari bor edi. Eng e’tiborlisi, u doim butun vujudi bilan Alloh taologa bog‘lanar edi. Har bir harakati, vaqti zikr, duo yoki tasbehsiz o‘tmas edi.
Oddiy holatlarda ham duo qilardi. Masalan, uyi derazasini yopmoqchi bo‘lsa, “Yo Robbim, derazamni uyimga birovning nazari tushmasin deb yopmoqdaman, Sen nazaringni, rahmatingni uzib qo‘ymagin!” der, telefon jiringlasa, “Yo Robbim, menga yaxshi so‘zni eshittirgin” deb so‘ng qo‘ng‘iroqqa javob qilardi.
Oldiga birov kirsa, ochiq yuz bilan, go‘yo ustozini kutib olgandek, «Yo ne’mat beruvchi Zotning marhamati, xush kelibsan!» der edi.
Vafot etganda uni so‘ngi manzilga kuzatish holati hamon yodimda: hayotlik chog‘ida kishilar bilan qanday ochiq yuz bilan ko‘rishsa, vafotidan keyin ham shunday tabassum qilib yotar, yuzi nurli, qo‘llari go‘yo suyaksiz yumshoq, terisi muloyim edi”...
Ushbu so‘zlarni tinglab, hozirda eng katta kamchiligimiz Alloh taoloni doimiy zikridan va duodan uzilib qolganimizni his etdim. Odatda ibodatdan keyin yoki ovqatlanish so‘ngidan va biror hojatimiz bo‘lsagina duo qilamiz. Boshqa harakatlarimizni go‘yo o‘zimiz uddalaydigandek, beparvolik bilan bajaramiz.
Vaholanki, Allohning yordamisiz hech bir ishga qodir emasmiz. Zikr va duosiz g‘aflatda o‘tgan vaqtimiz ham zararimizga hujjat bo‘lishi mumkin, O‘zi asrasin!
Alloh taolo bizga ham O‘ziga shunday muhabbat, qalban yaqinlikni, doimiy zikri, ijobat bo‘luvchi duolar bilan bog‘lanishni nasib etsin!
Muhammad Zarif Muhammad Olim