Inson osmonga ko‘tarilsa nima bo‘ladi?
Qur’onda insonning osmonga ko‘tarilishi haqida nima deyilgan?
Alloh taolo Qur’on karimda bunday deydi: “Alloh kimni hidoyatga yo‘llashni iroda etsa, uning ko‘ksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qo‘yadi. Kimni adashtirishni iroda etsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qo‘yadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo ko‘rgay” (An’om surasi, 125-oyat).
Doktor Salohiddin al-Mag‘ribiy (AQSH kosmik tibbiyot assotsiatsiyasi a’zosi va London kosmik tibbiyot instituti professori) Islomobodda bo‘lib o‘tgan Qur’on va Sunnadagi ilmiy mo‘jizalarga bag‘ishlangan birinchi konferensiyada ma’ruza qilgan. U o‘z nutqida inson yuqori qatlam atmosferaga ko‘tarilganda uning holati qanday bo‘lishi haqida bunday degan edi: “Bizning tana hujayralarimiz havo bilan bog‘liq.
Kislorod o‘pka orqali kirganda, ular havo bilan to‘ladi. Biroq inson yuqoriroq qatlamga ko‘tarilganda havo siyraklashadi, undagi kislorod miqdori kamayadi. Natijada bosim tushadi va hujayralar siqiladi. Bu esa ko‘krakda siqilish hissini vujudga keltiradi.
Subhanalloh! Alloh taolo Qur’on karimda aytganidek: “Go‘yo u osmonga ko‘tarilib ketayotgandek”.
Bu esa nafas olishning qiyinlashishiga olib keladi. Oyatda aytilganidek: “unga ko‘ksini tor va siqiq qilib qo‘yadi”.
Doktor so‘zida bunday davom etadi:
— Dengiz sathidan 10 000 futgacha (3 km) organizmda sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.
— 10 000 futdan 16 000 futgacha (3–5 km) havo kamayganiga organizm moslasha boshlaydi.
— 16 000 futdan 25 000 futgacha (5–7,5 km) ko‘krak siqila boshlaydi, odam boshi aylanishi, hushdan ketishi yoki yiqilishi mumkin.
Bu balandlikda nafas olish juda qiyinlashadi. Samolyot uchuvchilarida kislorod ta’minoti tizimi ishdan chiqsa, aynan shunday hol yuzaga keladi. Chunki qanchalik yuqori ko‘tarilsa, shunchalik havoda kislorod kamayadi, nafas olish og‘irlashadi va hayotiy jarayonlar izdan chiqadi.
25.000 fut balandlikdan keyin insonning me’dasidagi gazlar kengayib, diafragmaga bosim qiladi. Diafragma esa o‘pkaga bosim o‘tkazadi. Shuning uchun ko‘krakda qattiq siqilish hissi paydo bo‘ladi. Bu holat aynan Qur’on karimda aytilgani kabidir:
“Alloh kimni hidoyatga yo‘llashni iroda etsa, uning ko‘ksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qo‘yadi. Kimni adashtirishni iroda etsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qo‘yadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo ko‘rgay” (An’om surasi, 125-oyat).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak qo‘llarida bu haqiqatni bilish uchun uchuvchi apparatlar yoki havo kimyosi asboblari bor edi, deb ayta olamizmi?
Yo‘q. u zot sollallohu alayhi vasallam bundan ulkanroq narsaga Allohning vahiysiga ega edilar.
Bu masala ustida Jiddadagi Podshoh Abdulaziz universitetining to‘rt nafar olimi tadqiqot olib borishgan. Yushidi Kozanu — Yaponiyaning Tokio shahridagi observatoriya direktori bo‘lgan olimga ushbu oyatlar tarjima qilinganda, u juda hayratda qolgan. U Qur’on karimdan oyatlarni eshitib turdi, u oyatlar esa Kozanuning ilm sohasi — astronomiya va atmosfera haqida edi. So‘ng u bunday dedi: “Qur’on karim kim tomonidan kelgan bo‘lsa, U barcha narsani, har bir mayda-chuydasini ham biladi”.
Ilyosxon AHMЕDOV
Ma’naviy ozuqa olishning, chin inson bo‘lib yetishishning asosiy yo‘li — kitob mutolaasidir. Inson kamoloti manbai ham kitobdir. Darhaqiqat, kitob — insonning dunyoqarashini kengaytirib, nutqini o‘stiruvchi, xotirasi va fikrlash qobiliyatini mustahkamlovchi ma’naviy sarchashmadir. Ana shunday bebaho asarlardan biri — Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan tasnif etilgan “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” nomli kitobdir.
Joriy yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi tomonidan mazkur asarning taqdimoti o‘tkazilib, tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi, ustoz Habibulloh domla Zokirov ochib berib, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” kitoblari bugungi kun va kelajak uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. U kishi asarning xalqimiz, imomlar, noiblar va otinoyilar uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘radilar.
Kitob muqaddimasida har bir o‘quvchi Ustoz Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining marhum ota-onalari haqlariga duo qilish iltimosi keltirilgani ham ayni muddaodir. Chunki ota-ona xizmatini inkor etib bo‘lmaydi — olim farzandning har bir yutug‘ida ularning mehri va duosi turgan bo‘ladi.
Shuningdek, hazratning “Yoshlarga nasihatim” kitoblari o‘zbek va rus tillarida chop etilayotgani ham muborak xabar sifatida qayd etildi. U kishi tomonidan yozilgan “Islomda Vatan tushunchasi”, “Fitna – ko‘z ilg‘amas xatar”, “Haj — buyuk ibodat”, “Umra — ulug‘ amal” kabi asarlar ham har birimiz uchun muhim qo‘llanma ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida vakillik o‘rinbosari Sulton Jangirov, Abdurauf domla Yorbekov, Oqoltin tumani bosh imom-xatibi Mansurjon Ismailov, Boyovut tumani bosh imom-xatibi Fayzulloh domla Eshbekov kitob haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, Xovos va Mirzaobod tumanlari bosh imom-xatiblari ham asarning ahamiyati, imomlar, noiblar va barcha diniy soha xodimlari uchun muhim manba ekanini qayd etib o‘tdilar.
Guliston shahar bosh otinoyisi Mavluda Yo‘ldosheva ham asarning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida xayrli duolar qilindi va taqdimot ko‘tarinki ruhda o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati