Ramazon – mehr-muruvvat va shukronalik oyi. Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik, va shukronalik oyi” shiori ostida xayrli tadbirlar izchil davom etmoqda.
Bugun, 3 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” mahallasida istiqomat qilgan, diniy sohada ishlagan marhum mehnat faxriysi Musoxon ota Iminov xonadonida bo‘ldilar.
Iftorlik tadbirida Musoxon otaning Diniy idora tizimidagi ko‘p yillik samarali faoliyati, ilm ahliga bo‘lgan yuksak hurmati va farzandlarini el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalagani alohida yodga olindi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi va marhumning haqqiga xayrli duolar qilindi.
Marosim doirasida xonadon ahliga oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, zaruriy uy-ro‘zg‘or buyumlari va pul mablag‘lari taqdim etildi. Marhum Musoxon otaning oila a’zolari Prezidentimiz va diniy soha rahbarlari tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibordan mamnun bo‘lib, ezgu tilaklarini bildirdi.
Bu yilgi Ramazon oyi keng ko‘lamli mehr-oqibat ishlari orqali yurtdoshlarimiz qalbiga quvonch baxsh etmoqda. Zero, yurtimizda inson qadri va uning xotirasini ulug‘lash – eng oliy maqsaddir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati