Xabar berganimizdek, shu yilning 6-7 oktyabr kunlari Andijon viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar doirasidagi tadbirlar boshlandi. (https://t.me/muslimuzportal/42926)
Mutasaddilar tomonidan bosh imom-xatiblarga o‘zlariga biriktirilgan Andijon viloyatining tuman-shaharlaridagi masjidlar holati va imom-xatiblar faoliyatini o‘rganish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Kecha, 6 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahri va viloyatlar bosh imom-xatiblari “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdilar. Bosh imom-xatiblarga bilim yurti rahbari Rustamjon domla Mahmudov hamrohlik qilib, batafsil ma’lumot berdi.
Seminar qatnashchilari bilim yurti faoliyati, pedagog-o‘qituvchi va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. O‘quv xonalari, dars jarayonlari, Axborot resurs markazi, kutubxona, talabalar yotoqxonalarida bo‘lib, talabalar bilan dildan muloqot qildilar.
Suhbatlar asnosida talabalarga barcha bilimlarni puxta egallashi, kelajakda yetuk olim bo‘lib yetishishga astoydil harakat qilishi lozimligi ta’kidlandi. Ilm talab qilish yo‘lida chekiladigan mashaqqatlar, ilmga amal qilish kishini ziynatlashi, ilm ahlining darajalari haqida hayotiy misollar keltirilib, tolibi ilmlarga rag‘batlar berildi. Talabalar bilan olayotgan tahsillari borasida savol-javoblar qilindi. Ular bergan javoblar mehmonlarni hayratda qoldirdi.
Ma’lumot uchun, “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti 1992 yilda Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Jalabek qishlog‘ida faoliyat boshlagan. Bilim yurtiga Jalabek qishlog‘ida XX asrning boshlarida yashab o‘tgan din, millat, vatan uchun katta xizmatlar qilgan, o‘z davrida Andijon viloyati qozisi, eski shahardagi madrasa bosh mudarrisi bo‘lgan Sayyid Muhyiddin domlaning nomi berilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati