Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘qituvchisi Hoshimjon domla Nizomiddinov yuksak e’tirof — “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan ta’lim muassasada tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir dastlab Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng ta’lim muassasasi rektori K.Islamov so‘zga chiqib, ustozimizning ilmiy-ijodiy faoliyatidagi fidoyiligi, ta’lim jarayonini rivojlantirishdagi xizmatlari hamda yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissasini ta’kidlab, barcha jamoa nomidan samimiy tabriklarini bildirdi.
Ana shunday ulug‘ e’tirofga loyiq deb topilgan ustozimiz - Hoshimjon domla Nizomiddinovning bu yutug‘i nafaqat u kishining shaxsiy muvaffaqiyati, balki Imom Termiziy nomidagi islom instituti jamoasining ham yutug‘i hisoblanadi.
Ushbu mukofot bilan Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoalari nomidan ustozimizni chin yurakdan muborakbod etamiz.
Bu kabi yutuqlar bardavom bo‘lishini, ustozimizga ilmiy va kasbiy faoliyatlarida yanada ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Imom Termiziy islom instituti
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati Uychi tumanidagi "Devonabobo" jome masjidi imom-xatibi Abdufattoh domla Musaxanovning volidai mehribonlarining vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Abdufattoh domla Musaxanovga hamdardlik bildiradi.
Janoza bugun, 14 iyul kuni shom namozidan so‘ng Uychi tumanidagi "Mashhad mozor" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi