Kecha, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda dastlab Muftiy hazratlari nutq so‘zlab, ushbu keng qamrovli tadbirlarning ahamiyati, mohiyati, unda erishilgan yutuqlar, natijalar, tajriba almashinuvlarning din peshvolari uchun tarixiy va juda foydali bo‘lishini e’tirof etdilar.
Ikki kunlik tadbirlar davomida kasb mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash hamda xayriya yordamlari uyushtirishdagi uyushqoqlik, yuzma-yuz muloqotlar orqali o‘zaro birdamlik muhiti yanada mustahkamlanishi aytib o‘tildi.
Viloyatning 16 ta shahar va tumanidagi 182 ta masjidda bo‘lingani, jamoatga suhbat qilish, masjidni boshqarish va targ‘ibot tadbirlari, ayniqsa, musulmonlarning ruhiy-ma’naviy ehtiyojini qondirish bo‘yicha mahalliy imom-xatiblarga ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishiga umid bildirildi.
Ishtirokchilarga ularning o‘rganishlar davomida to‘plagan bilim va ko‘nikmalari, ish uslublari va ilg‘or tajribalarini keng ommalashtirishga doir tavsiyalar berib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida har bir bosh imom-xatib o‘z hududi masjidlarida hujjat yuritish, imom-xatiblar faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, aholi vakillari bilan uchrashuvlar, suhbatlar va amaliy ko‘maklar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari hisobotini berdi.
Seminar yakunida ilmiy-amaliy seminar davomida to‘plangan tajriba va natijalarni tizimda keng ommalashtirish bo‘yicha xulosalar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun yurtimizda to‘y masalasi deyarli har bir oilaning tashvishiga aylangan. Albatta, to‘y – xalqimiz uchun muqaddas qadriyat, ikki yoshning halol nikoh bilan yangi hayotga qadam qo‘yish marosimidir.
Biroq, so‘nggi yillarda bu muborak an’ana asl ma’nosidan yiroqlashib, ortiqcha dabdaba va isrof maydoniga aylanmoqda. “Odamlar nima derkin?” degan o‘y bilan amalga oshirilayotgan tantanalar ko‘rsatish va maqtanish vositasiga aylanib bormoqda.
Islom har bir ishda o‘rta yo‘lni, ya’ni me’yor va iqtisodni buyuradi. Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qiladi: “Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi.” (Isro surasi, 27-oyat).
Ya’ni, ortiqcha sarf-xarajat qilish, bevaqt va keraksiz narsalarga molni yo‘qotish – shayton yo‘lidir.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham bu haqda bunday deganlar: “Yeb-ichishda, kiyinishda va ehson qilishda ham isrof qilmangiz, chunki Alloh isrofni yaxshi ko‘rmaydi.” (Ibn Moja rivoyati)
Yana bir hadisda esa: “Albatta, eng barakali nikoh – eng oson bo‘lganidir.” (Ibn Hibbon rivoyati), – deb ta’kidlaganlar.
Demak, baraka dabdabada emas, soddalik va samimiyatdadir.
Afsuski, bugun ko‘plab to‘ylarda yuzlab mehmonlar, qimmat restoranlar, nafsga mos kiyimlar, hashamatli kortejlar odatga aylanib bormoqda. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy yo‘qotish hamdir.
Shu haqda “Yuksalish” harakati 2025 yil 19 iyun – 3 iyul kunlari “O‘zbekistonda to‘ylar” mavzusida o‘tkazgan so‘rovnoma ham yaqqol tasdiq beradi. So‘rovnoma onlayn tarzda mamlakatning turli hududlarida o‘tkazilgan bo‘lib, ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 71,13 foizi turmush qurganlar ekani ma’lum bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, ko‘pchilik oilalarda daromad darajasi bilan to‘y xarajatlari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Ijtimoiy so‘rovda qatnashuvchilarning 65,2 foizi to‘yga 50 milliondan 100 million so‘mgacha yoki undan ortiq mablag‘ sarflaganini bildirgan. Bu esa ko‘plab oilalarning bir yillik daromadiga teng yoki undan ham yuqori ko‘rsatkichdir.
Bu holat shundan dalolat beradiki, urf-odat niqobi ostidagi isrof nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy illatga aylanmoqda. Alloh bergan ne’matni qadrlagan inson isrof qilmaydi; isrof qilgan kishi esa ne’matning haqqini bermay, shayton yo‘liga kirib qoladi.
Shunday ekan, to‘yda isrof qilish – riyo va kibrning ko‘rinishi. “Odamlar nima derkin?” degan niyat bilan qilingan har qanday ishda Allohning roziligi bo‘lmaydi.
Shariatda nikoh marosimi uchun ortiqcha sarf talab qilinmagan. Sunnatga mos to‘y – oddiy, halol va samimiyatga to‘la bo‘lishi lozim. Shu bois, ota-onalar farzandlariga dabdaba emas, muhabbat, baraka va totuvlikka asoslangan hayot tilashlari kerak.
Chunki haqiqiy to‘y – elning duosi, oilalarning birligi va muhabbatning ibtidosidir. To‘y – Allohning ne’mati. Uni shukr bilan, ortiqcha dabdabasiz va sunnatga muvofiq o‘tkazish – har bir musulmonning burchi.
Zero, soddalikda baraka, isrofda esa halokat bor. Shuning uchun ham O‘zbekistonda to‘y xarajatlarining ortib borishiga qarshi ma’rifat, jamoatchilik nazorati va sog‘lom an’analarni rag‘batlantiruvchi tizimli choralar zarur. Jamiyat o‘zgarishlarga tayyor, endi esa amaliy qadamlar vaqti keldi.
Anvar AGZAMOV