O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan shu yil 6 – 7 oktyabr kunlari Andijon viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar yuqori saviyada o‘tkazildi.
Anjumanda targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish, imom-xatiblar kasb-mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlash hamda xayriya tadbirlarini amalga oshirishdagi zamonaviy uslub va yangicha yondashuvlar bilan o‘rtoqlashilgani aytib o‘tildi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan berilgan ko‘rsatma va tavsiyalarining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 11 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatidagi 186 ta masjid imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2025 yil 9 oy davomida soha xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, mutaassiblik va radikallashuvni oldini olish, imom-xatiblik mas’uliyatini yanada oshirish, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha vazifa va topshiriqlar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakili Rahmatillo domla Usmonov tomonidan barcha imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lishi, xalq ichida bo‘lib, ularning dardu tashvishlariga ham sherik bo‘lishi kerakligi, qariyalar holidan xabar olish, ehtiyojmandlarga ruhiy tayanch bo‘lish, yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarni oldini olish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish kabilarni targ‘ibiga alohida e’tibor qaratishi, bir so‘z bilan aytganda bugun din uchun, millat va vatan uchun qayg‘urish – imom-xatibning haqiqiy burchiga aylanishi shart ekanligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida viloyatdagi diniy soha xodimlari faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Bugungi kunda murakkablashib borayotgan, insoniyat turli sinovlarga, tahdidlarga va o‘zgarishlarga guvoh bo‘layotgan bu zamonda imom-xatiblarning faolliklarini oshirish, OAVdagi chiqishlari mazmun-mohiyatini yanada yaxshilash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish borasida tinimsiz xizmat qilish kabi jihatlariga e’tibor qaratildi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 2–4 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar muftiylar kengashi huzuridagi Fatvo hay’atining navbatdagi yig‘ilishida Turkiya, Ozorbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ulamolari ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli tadbir turkiy davlatlar o‘rtasidagi diniy-ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, islom fiqhiga oid dolzarb masalalarni zamon talablari asosida muhokama qilishga qaratildi.
Yig‘ilishda islom huquqi va jamiyat hayotiga daxldor masalalar keng qamrovda ko‘rib chiqildi. Muhokamalar jarayonida inson qadr-qimmati, yer va mulk munosabatlarida adolat tamoyillariga amal qilish, ibodat vaqtlarini belgilashda umumiy yondashuvni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy usullar qo‘llanilayotgan sharoitda diniy majburiyatlarni ado etish, shuningdek, yangi texnologiyalardan foydalanishda shar’iy me’yorlarni saqlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, mehmonlar Samarqandning boy tarixiy va ma’naviy merosi bilan tanishdilar. Asrlar davomida Sharqning yirik ilmiy-madaniy markazlaridan biri bo‘lib kelgan qadim shaharda islom madaniyati, ilm-fan va davlatchilik taraqqiyoti bilan bog‘liq qator tarixiy qadamjolarni ziyorat qilishdi.
Mazkur tadbir nafaqat fiqhiy masalalarni muhokama qilish, balki turkiy davlatlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati