Alloh taolo Qur’oni karimda: “Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu muddat) emizishni kamoliga yetkazishni istovchilar uchundir” (Baqara surasi, 233-oyat), deya marhamat qilgan.
Darvoqe, go‘dak sog‘lom unib-o‘sishi uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalarni Alloh taolo ona suti tarkibiga joylab qo‘ygan. Ona suti tarkibidagi mikroelementlar miqdori go‘dak tanasidagi ehtiyojga ko‘ra ko‘payib yo kamayib turadi. Ayniqsa, go‘dak olti oylik bo‘lgunga qadar uning oziqaga bo‘lgan ehtiyoji faqat ona suti hisobiga ta’minlanadi.
Noyob xususiyatlari
1. Mikroblar tushish ehtimoli mavjud emas.
2. 36–37 darajada bo‘lib, bolaning tana haroratiga muvofiq.
3. Oshqozonga asta-sekin va oz-ozdan tushadi, tarkibiy qismi to‘la holda parchalanmay so‘riladi.
4. Tarkibida yuqumli kasalliklardan himoyalovchi immun tanachalar hamda hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar bor.
Ko‘payishi uchun
Abu Ali ibn Sino emizikli ayolning suti ko‘payishi uchun, eng avvalo, uning asabi tinch bo‘lishi va ko‘p uxlashi kerakligini aytgan. Yana sut ko‘payishi uchun emizikli ayollar sut mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilishlari zarur. Sutni shirchoy qilib, ichiga yog‘ yoki yong‘oq solib ichish juda foydali. Emizishdan 20 daqiqa oldin, albatta, biror-bir suyuqlik ichish zarur. Kunda kamida ikki mahal issiq suyuq ovqat iste’mol qilishga odatlanish ham ona sutini ko‘paytiradi. Guruchli taomlar, ayniqsa, palov hamda moshli taomlar ona sutini ko‘paytirish xususiyatiga ega.
Ona suti bilan oziqlangan bolalar har tomonlama yaxshi rivojlanadi. Raxit, kamqonlik, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi kabi xastaliklar ularda deyarli kuzatilmaydi. Shunga qaramay, keyingi yillarda onalar har xil sabablarga ko‘ra farzandlarini sun’iy oziqlar bilan ulg‘aytirmoqda. Ba’zilari mehnat faoliyatidan ajrab qolmasligi, ayrimlari qomatlarini saqlab qolish maqsadida... Suti yo‘qligi yo yaroqsizligi sabab bo‘layotganlari ozchilikni tashkil etadi.
Ziyod Sahmiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (bolani) esi past ayolga emizishdan qaytardilar (albatta, sut egasiga o‘xshaydi)” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadis chaqaloqlarni sun’iy oziqlar bilan boqishdan ham qaytaradi. Chunki u tarkibi, oziqaviyligi, jismoniy va ruhiy salomatlikka ko‘rsatadigan ta’siri jihatidan esi past onaning sutidan ko‘ra bolaga zararliroq.
Sun’iy sutning oqibati
Ona sutining mo‘jizaviylik xususiyatlari bilan sun’iy sut va bo‘tqalar tarkibi solishtirilib o‘rganib chiqilgan. Tadqiqotlar natijasidan bittasini keltirish kifoya: ona suti tarkibida qandning 150 turi mavjud. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qand moddalari hazm jarayoni va keyingi jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi. Sun’iy sutlarning birortasida bu ko‘rsatkich bir yoki ikki turdan ortiq emas. Sun’iy oziqalar kunda-kunora bolalarda qabziyat paydo qiladi. Ko‘p hollarda buni bartaraf etish uchun kimyoviy dorilar qo‘llanadi.
Ona suti – Alloh tomonidan go‘daklar uchun yaratilgan tabiiy-fitriy ofiyat qo‘rg‘oni. Ana shu mo‘jizakor sutdan uzrsiz foydalanmaslik esa Yaratgan tomonidan berilgan imkoniyatdan voz kechish demak.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi
(“Mo‘minalar” jurnali 2024 yil 5-son )
#hafta_dayjesti #jumadan_jumagacha
00:00 Anons
01:24 Prezidentimiz Andijon viloyatida bo‘ldi
01:58 Mav’izalar ta’sirchanligini oshirish, yoshlar e’tiqodini mustahkamlash va aholi bilan manzilli ishlash – Andijondagi yig‘ilish tafsilotlari
03:18 Diniy idorada navbatdagi qabul: murojaatlar, takliflar, xayrli duolar
04:08 “The Diplomatic Insight”: Mustaqil O‘zbekistonning yutuqlari xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda
04:59 Malayziyada xayriya sohasida ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda
06:00 Mir Arab oliy madrasasi – ilm, ma’rifat va qalb tarbiyasi uyg‘unlashgan maskan
06:49 Namanganlik imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etishdi
07:37 Bir ezgu qadam — yuzlab qalblarga umid
08:00 Bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuv
08:42 Intellektual o‘yin — zakovat va ilm bayrami
09:33 «Mafkuraviy xatarlarga qarshi kurashda otinoyilarning o‘rni hamda mas’uliyati» mavzusida sayyor seminar tashkil etildi.
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Boshlovchi: Ne’mat Musayev
Muharrir: Abdulatif Abdullayev
Operator: Dilshodjon Mahkamov