Islom dini ona sutiga katta ahamiyat beradi va uni chaqaloq uchun eng yaxshi oziq-ovqat manbai sifatida tan oladi. Qur’on va hadisda ona suti haqida bir necha marotaba ta’kidlangan va emizishning fazilatlari haqida bayon qilingan.
Qur’onda ona sutining ahamiyati haqida bir necha oyatlar keladi:
Baqara surasining 233-oyatida bunday deyiladi: "Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizadilar. Bu emizish (haqi)ni to‘la-to‘kis berishni xohlaganlar uchundir". Bu oyat emizishning nafaqat muhimligi, balki uning muddati haqida ham ko‘rsatma beradi.
Hadislar ham ona suti va emizishning ahamiyatini ta’kidlaydi:
Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Har bir chaqaloqning nasibasi unga sut onasidan keladi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis ona sutining muhimligi, chaqaloqni kim emizishiga e’tibor berish kerakligini bildiradi.
Ibn Moja rivoyatida bunday keladi: "Bolalarni emizish bilan onalar farzandlari bilan yanada kuchli bog‘lanish hosil qiladi". Bu hadis emizish jarayonining emotsional va ruhiy ahamiyatini ta’kidlaydi.
Islom shariatida emizish nafaqat tavsiya etiladi, balki ba’zi holatlarda majburiy hisoblanadi:
Vaqt va muddat. Qur’on va hadislar asosida, emizishning maksimal muddati ikki yil deb belgilangan. Bu muddat bola uchun eng maqbul deb qaraladi. Ammo undan kam vaqt emizishga ham dinimiz qarshi emas. Balki, bu muddat emizish orqali ona va bolalik (razoat) hosil bo‘lishi muddatidir.
Sog‘liq va tarbiya. Ona suti bola salomatligi va tarbiyasi uchun muhimdir. Shuning uchun ona imkon qadar farzandini o‘zi emizishi kerak.
Mahramlik rishtasi. Islomda ona suti bilan oziqlangan bolalar o‘rtasida mahramlik (yaqin qarindoshlik) yuzaga keladi. Bir onaning sutini emgan bolalar aka-uka yoki opa-singil hisoblanadi. Ularning bir-biri bilan nikohlanishi haromga aylanadi.
Dinimiz ona sutining ahamiyatini ana shunday yuqori darajada baholaydi. Ona sutining ahamiyatini tan olish va uni qo‘llab-quvvatlash har bir musulmon ota-ona uchun muhim hisoblanadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati