Siyrat ulamolarning ta’kidlashicha Islomdagi birinchi fitna Hazrati Usmon roziyallohu anhu davriga to‘g‘ri kelishini aytadilar. Birinchi fitna deb nomlanishiga sabab shuki, Rasululloh solallohu alayhi vasallamdan keyin ham turli fitnalar bo‘lgan lekin ommaviy tus olmagan. Hazrati Usmon roziyallohu anhu davrida esa fitnalar qulfi sindirilgan edi. Voqe’ani qisqacha bayon qiladigan bo‘lsak, bir kuni Hazrati usmon ro‘za tutgan hollarida namozgohda Qur’on o‘qib o‘tirgan edi. Nogahon fitnachilar qo‘llarida qurol bilan u zotning joniga qasd qilish niyyatida yashirincha orqalaridan kirib borishdi. Ulardan biri Usmon roziyallohu anhuga yaqinlashib qo‘lidagi zaharlangan pichoq bilan zarba berdi. Zarb kuchidan Hazrati Usmon roziyallohu anhu hushsiz bo‘lib yerga yiqildi. Muborak qoni esa tilovat qilib turgan Qur’on sahifasi ustiga sochildi. Karomatni ko‘ringki qon sochilgan joyi fitnagarlar haqidagi oyat edi. Oyatning mazmuni: “Alloh sizni ulardan tezda himoya etadi. Alloh eshituvchi va dono zotdir”.
Yana qurollangan shaxslardan biri Hazrati Usmon tomoniga yaqinlashib zarba bermoqchi bo‘lgan edi ayoli noila u zotni himoya qilib ustiga tashlandi. Fitnachining keskir qilichi noilani qo‘l va barmoqlarini kesib yubordi. Fitnachilar Hazrati Usmonni o‘lganini bilgach, uylari va undagi narsalarni talon taroj qilishdi. Ular Allohdan qo‘rqmadilar. Qur’oni karimni ham hurmat qilmadilar va urush harom qilingan zulhijja oyini ham e’tiborga olmadilar. Zero, bu ayanchli voqe’a hijriy 35 yil, 8-zulhijjada sodir bo‘lgan edi. Demak fitna boshlanganida hurmatga sazovor muqaddas narsalarning hech qanday hurmati qolmas ekan. Demak yuqoridagi voqe’adan xulosa qiladigan bo‘lsak fitnalar jamiyatni parokanda qilib, odamlar orasida turli nizolarga sabab bo‘lar ekan. Oxir oqibat bu ziddiyatlar qon to‘kilishi bilan yakun topar ekan.
Alloh taolo barchamizni hidoyatidan adashtirmasin. Amin.
Madaminzoda Abdulatif Baxtiyorjon o‘g‘li,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Kelin va kuyovga yetarli guvohlar ishtirokida nikoh o‘qilsa-yu, lekin qandaydir sabablar bilan guvohlar kelin va kuyovning nikohning tuzilishiga roziliklari haqidagi gaplarini eshitmay qolgan bo‘lsa, o‘qilgan ushbu nikoh bog‘lanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Nikoh vaqtida guvoh sifatida balog‘atga yetgan musulmonlardan kamida ikkita erkak yoki bir erkak va ikki ayol bo‘lishi, shart hisoblanadi. Shuningdek, mazkur nikohning durust va haqiqiy bo‘lishi uchun ushbu guvohlar kelin va kuyovning iyjob va qabulini, ya’ni ularning mazkur nikohga roziliklarini bildiruvchi so‘zlarini eshitishlari ham lozim bo‘ladi.
Guvohlar nikohda ishtirok etsalar-u, ularning gapini eshitmasalar yoki faqat bir tomonning gapini eshitsalar yo bir guvoh kelinning boshqa guvoh kuyovning gapini eshitib, narigining gapini eshitmasa, nikoh durust bo‘lgan hisoblanmaydi. Bunday holatda nikohni qayta o‘qish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.