1991 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Jinna ilmiy-tajriba stansiyasi Antarktika qit’asidagi ilk namozgoh sifatida rasman tasdiqlangan maskan hisoblanadi. Stansiya Pokistonning ilmiy bazaci bo‘lib, mamlakatning qutb mintaqasini tadqiq etishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida tashkil etilgan.
Sharqiy Antarktika hududida joylashgan mazkur stansiya 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilmiy va logistik markaz sifatida xizmat qilib kelmoqda. Stansiya Pokistonning Okeanografiya milliy instituti tomonidan boshqariladi va muzshunoslik, dengiz biologiyasi hamda iqlimshunoslik bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Stansiya faoliyati boshlangan ilk kunlardanoq Antarktikadagi musulmon mutaxassislar o‘zlarining ibodatlarini bajarib kelmoqdalar. Qattiq sovuq, oylab davom etuvchi tunda ham ular namozlarini muntazam ado etib kelishgan. Ilgari vaqtinchalik ekspeditsiyalarda ham ayrim odamlar Antarktikadada namoz o‘qigan bo‘lishi mumkin, lekin ilk jamoaviy namozlar aynan Jinna stansiyasi doimiy faoliyat boshlashi bilan yo‘lga qo‘yilgan.
Stansiyaning asosiy yashash joyi ichida kichik namozgoh tashkil etilgan bo‘lib, Antarktika mintaqasiga mos hisob-kitoblar asosida qibla yo‘nalishi aniqligida qurilgan.
Antarktika shartnomasi bandlarida barcha tadqiqot stansiyalarida diniy erkinlik va ibodat huquqini ta’minlash va hurmat qilish qayd etilgan. Pokiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Jinna Antarktika stansiyasi hozir ham faoliyat yuritmoqda, ilmiy izlanishlar bilan birga mutaxassislarning diniy ehtiyojlar uchun ham sharoit yaratilgan.
Mazkur stansiya Pokiston Respublikasining asoschisi — Muhammad Ali Jinna nomi bilan atalgan.
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
Po‘latxon Kattayev tayyorladi
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati