Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurti kichik sport maydonida "Sport - salomatlik garovi" shiori ostida musobaqa tashkil etildi.
Ushbu futbol musobaqasi qariyb ikki hafta davomida ko‘tarinki kayfiyatda, sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi. Talabalar o‘z jamoalari bilan g‘alaba uchun kurashar ekan, o‘zaro hurmat, jamoaviylik va sportga bo‘lgan mehrini namoyon etdi. Bellashuvlarda har bir jamoa g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etdi, tomoshabinlar esa har bir gol va harakatni qizg‘in olqishlar bilan kuzatib bordi.
Uch guruhda, jami 11 jamoa o‘yinlarda ishtirok etdi. Dastlabki o‘yinda A guruhidan, V guruhidan va S guruhidan g‘oliblar aniqlanib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Yakuniga ko‘ra, 4-B kurs talabalaridan tuzilgan guruh 3-o‘rinni, 2-A kurs talabalaridan tuzilgan guruh 2-o‘rinni va 4-S kurs talabalaridan tuzilgan guruh 1-o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoalar bilim yurti jamoasi tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqa davomida eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi hujumchi, eng yaxshi o‘yinchilar aniqlanib, ular ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining ijtimoiy va diniy tashkilotlar bo‘yicha kotibiyat mudiri J.Yusupov hamda bilim yurti mudiri J.Abdirazakovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati