Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Xayrli ish boshlanganda, deylik, biror imorat qurishga kirishilganda "Hormang" deyish – xalqimizga xos qadim qadriyat. Ana shu qadriyat bugun yanada sayqal topib, ezgu an’anaga aylandi.
Bugun Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov hamda bosh imom o‘rinbosari Obidjon domla Mirhamidov Bo‘stonliq tumanida qurilishi davom etayotgan «Imomi A’zam», «Doniyor ibn Ozod», «Xo‘jaxonto‘ra», «Sari Qangli», «Qumursqa ota», «Qoravoy ota», «Jomboy», «Masat ota», «Sayitboy o‘g‘li Vali Xalfa» va «Humson» jome masjidlari binolarini ko‘zdan kechirdi.
Shu bilan birga, mazkur masjidlar ma’muriyatiga, ustalarga, quruvchilarga o‘zlarining zarur tavsiya va maslahatlarini berdilar hamda xayrli duolar qildilar.
Alloh taolo O‘z baytini tez orada mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishishi nasib qilsin.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati