Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2025   |   30 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:49
Shom
17:36
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2025, 30 Rabi`us soni, 1447

Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra vazirligi xabari!

20.10.2025   8133   1 min.
Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra vazirligi xabari!

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchida “Nusuk” platformasidan olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risida guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga haj vizasi berilishi haqida bayonot e’lon qildi.

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yukladi. Bu talab hojilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.

Haj-2026 hojilari diqqatiga:
Tibbiy ko‘riklardan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmasligini ma’lum qildi:

Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;

Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;

Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;

Jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;

Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;

Qarilik demensiyasi kasalliklari;

Homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;

Faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);

Kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar;
Saudiya Haj vazirligining mazkur talablari buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda, Haj vazirligi tomonidan chora ko‘rilishi bildirilgan.

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi ziyoratchilarni ushbu talablarga to‘liq amal qilishga chaqiradi, hamda ushbu talablar haj ishtirokchilarining hayotini va salomatligini saqlashga qaratilganini ma’lum qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Haj va Umra markazi

Boshqa maqolalar

Juma kuni tutsa bo‘ladimi?

20.10.2025   3719   1 min.
Juma kuni tutsa bo‘ladimi?

Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:

Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.

U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir, dedilar.

“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.

U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.

Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.

Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.