Mirzamaqsud domla Alimov
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Bu yilgi haj safari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlash joiz. Hojilarimiz uchun barcha tashkiliy masalalar puxta yo‘lga qo‘yilgan. Safardan tortib joylashish, ovqatlanish, transport va tibbiy xizmatgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimli tashkil etilgani sababli ziyoratchilarimiz xotirjam holda ibodatlarini ado etishyapti.
Ayniqsa, keksalar va ehtiyojmand hojilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik alohida tahsinga loyiq. Har bir hojining kayfiyati ko‘tarinki, ruhiyati tetik. Ularning chehralarida mamnuniyat va shukronalikni ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, safar davomida hojilarimiz uchun muntazam ma’rifiy suhbatlar, diniy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu suhbatlarda haj ibodatining mazmun-mohiyati, odob-axloq masalalari, yurt tinchligi va qadriyatlarimiz haqida fikr almashilmoqda. Bu esa ziyoratchilarimizning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.
Hojilarimiz yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va muqaddas safar uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun holda, xalqimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi va yurtboshimiz haqlariga samimiy duolar qilishmoqda.
Abduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi