Imom Bayhaqiy rohimahulloh Fotir surasining "Xush kalomlar Unga ko‘tarilur" 10-oyati haqida shunday deganlar:
“Xush kalomlar va sadaqaning ko‘tarilishi ularning (Alloh tomonidan) qabul bo‘lganiga ishoradir. Farishtalarning yuksalishidan esa osmondagi manzillariga ko‘tarilishlari nazarda tutilgan. Ammo, “Allohga ko‘tarilish” degan ma’noning bu o‘rindagi ta’biri salaf solihlar tomonidan tafviz qilish bilan bo‘lsa, ulardan keyin kelgan imomlar tomonidan ta’vil qilish bilan bo‘ladi."
Ibn Battol rohimahulloh aytadilar:
“Mana shu bobda Imom Buxoriyning maqsadlari (mutashobih) oyat va hadislarining zohirini oladigan mujassima jahmiyalarga raddiya berish bo‘lgan. Alloh taolo jism emasligi aniq bo‘ldi, demak u biror makonga o‘rnashib olishga ham muhtoj bo‘lmaydi. Zero, Alloh biror makon bo‘lmagan paytda ham bo‘lgan. Alloh taolo farishtalarning ko‘tarilishini O‘ziga nisbat berishi bu ishni sharafli ekaniga dalolat qiladi. Demak, Unga ko‘tarilishlikning ma’nosi Allohni makondan poklagan holda, darajasini ulug‘lash bo‘ladi”.
Rustam Oxunjonov "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi
Manba: @ahnafuz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV