Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2026   |   14 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:15
Asr
16:28
Shom
18:20
Xufton
19:34
Bismillah
25 Sentabr, 2026, 14 Rabi`us soni, 1448

Kibr shaytonni halok qildi

23.10.2025   7106   3 min.
Kibr shaytonni halok qildi

Odamning o‘zini sevishi aslida tabiiy tuyg‘u bo‘lib, bu alal-oqibat kishini o‘ziga maftunlik va o‘zidan rozi bo‘lishga eltadi. O‘zini yaxshi ko‘rishdan esa Allohning boshqa bandalariga nisbatan kibrlanish, manmanlik qilish va o‘ziga bino qo‘yish kabi sifatlar kelib chiqadi. Oqibatda bu banda odamlarga yuqoridan turib, past nazar bilan qaray boshlaydi. Hech kim bilan hisoblashmaydi. Boshqalarning haq-huquqini poymol qiladi. Ularga hurmatsizlik ko‘rsatadi. Kelishuvlarni bajarmaydi. Va’daga vafo qilmaydi. Umuman olganda, odamlar bilan adolatsiz muomalada bo‘ladi.

 

Kibr shaytonni halok qildi

Shayton kibr-havosi va o‘zini qattiq yaxshi ko‘rgani tufayli haydaldi. Shayton o‘zini “Men Odam alayhissalomdan yaxshiman, olovdan yaralganman”, deya g‘ururlandi. Agar din olimlari va solih kishilarga nisbatan shunga o‘xshash munosabat qilinadigan bo‘lsa, aslida bu o‘sha insonning o‘zini o‘zi xor qilganligi va Allohning rahmatidan mahrum etilganligi alomatidir. Bunday kishi odamlarning yaxshiligidan mahrum bo‘ladi, bu esa “Uni hech kim qo‘llab quvvatlamaydi, unga birov yordam qo‘lini cho‘zmaydi”, deganidir. Bu kabi odamlar odatda “Bizda ilmiga amal qiladigan biror bir taqvoli olim qolmadi”, deydilar. Bunday baho berishlarining haqiqiy sababi shundaki, ular hammani o‘zlarining fe’l-xo‘ylaridan kelib chiqib baholaydilar.

Kim aytgan bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan ekan: “O‘zi noqis bo‘lgan kimsagina birodarlarini noqislikda ayblaydi!”.

 

Kibrni davolash

Kibr — mag‘rurlik kishining o‘zini haddan tashqari sevishi (ujb)dan boshlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonning qalbidagi kibrni eslatar ekan, uni davolovchi dori-darmonni ham ma’lum qiladi. Ya’ni insonning zaif va kuchsiz ekanligini har doim o‘ziga eslatib turish uni o‘zini-o‘zi yaxshi ko‘rib qolish kasalidan qutqaruvchi eng ta’sirchan doridir.

Alloh Qur’oni Karimda marhamat qiladi: “Yer yuzida kibr-havo[1] bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz yerni teshib (uning tubiga) ketolmaysan va bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” (Al-Isro surasi, 37-oyat).

Ushbu oyat insonning kibr-havo bilan yurishini ta’qiqlamoqda. “Yerni teshib ketolmaysan” so‘zida “inson o‘z kuchi bilan yerni bo‘laklarga bo‘lib tashlay olmaydi”, degan ma’no bor. “Bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” kalomida esa kibru havoga berilgan insonga istehzo qilinadi. Shuning uchun ham manmanlik bu – mutlaqo axmoqlikdir.

Inson kibr-havosi, manmanligi bilan hech qachon yaxshi ish qila olmaydi. Axir kibr Alloh o‘z Kitobida ta’qiq etgan o‘nta sifatdan biridir. Unda kekkayib yurish kibrdan kelib chiqishi aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi muboraklari ham ogoh etadilar: “Kimki o‘zini mag‘rur tutsa, ko‘nglida kibr paydo etsa va kekkayib yursa, qiyomat kunida Allohning g‘azabiga duch keladi”  (Ibn Umardan rivoyat qilingan, Imom Ahmad rivoyati, “Musnad”).


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Kekkayish.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

25.09.2026   21204   1 min.
Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.

Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari