Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2026   |   14 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:15
Asr
16:28
Shom
18:20
Xufton
19:34
Bismillah
25 Sentabr, 2026, 14 Rabi`us soni, 1448

Izzattalablikning davosi

24.10.2025   6769   2 min.
Izzattalablikning davosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Izzattalablik

Insondagi nafsi ammora o‘zining azaliy tabiatiga ko‘ra dunyoni yaxshi ko‘radi, o‘zini yuqori sanab, buyruq va farmon berishga o‘ch bo‘ladi. Shuning uchun u barcha odamlarga  o‘z hukmini o‘tkazib, unga muhtoj bo‘lishlarini istaydi. Lekin ayni paytda uning o‘zi hech ham birovga muhtoj bo‘lishni xohlamaydi. Bu esa Yaratgan bilan ilohlikni talashish va sheriklikni da’vo qilishdir. Shuning uchun ham nafsning xohishlari to‘xtatilmasa yo‘lida duch kelganni tishlovchi quturgan itga o‘xshab qoladi.

 

Izzattalablikning davosi

Biz doimo aftodahol va kamtarin bo‘lishimiz, boshqalarni o‘zimizdan yaxshi deb bilishimiz, Allohning homiyligiga muhtoj holda Undan panoh istashimiz va izlashimiz, amrlariga itoatkor bo‘lib, bandalik burchimizni bajarishimiz zarurdir. Shariat belgilagan halolu haromlarni farqlashimiz, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini mahkam tutishimiz, yaxshi amallarni ado etishda niyatni to‘g‘rilab, mo‘ljalni aniq olishimiz, ichki dunyoimizni poklashga qattiq intilishimiz, odob-axloqimizni yaxshilashga harakat qilishimiz, o‘z xato-kamchiliklarimizni payqashimiz, o‘zimizda gunohlar hukmron ekanligini sezishimiz, shuningdek, shuhrat, obro‘, nom va maqtovlaridan qat’iyan qochishimiz lozim. Zero, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

“Diniy yoki dunyoviy hayoti tufayli odamlarni barmog‘i bilan ko‘rsatishi o‘sha insonning yomonligiga kifoyadir. Magaram Alloh saqlagan kishi bundan mustasno” (Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan, Imom Termiziy rivoyati).

Janobimiz imom ibn Mashish quddisa sirruhu deydilar:

“Ko‘nglingni dunyoviy boylikka, ayollarga, izzattalablikka va kuchli nafsoniy his-tuyg‘ularga haddan tashqari muhabbat qo‘yishidan saqla. Allohning berganiga rozi bo‘l!”.

Nafsimizning “sening to‘playotgan molu dunyoing aslida dinning rivojiga, musulmonlarga yordam berish uchundir”, qabilidagi makru hiylasi ham bizni aldab qo‘ymasin. Chunonchi, din ishi – Allohning ishidir. Uning o‘zigina din va shariatga rivoj berib, e’tiborini oshiradi. Qolaversa, cheksiz qudrat egasi bo‘lgan Alloh mazkur dinni himoya qilish majburiyatini ham O‘z zimmasiga olgandir.

Alloh marhamat qiladi: “Ular Allohning nurini (ya’ni islomni) og‘izlari (ya’ni behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘ladilar. Alloh esa garchi (kofirlar) xohlamasalar-da, faqat O‘z Nurini to‘la (ya’ni har tarafga) yoyishni istaydi” (Tavba surasi, 32-oyat).

Bu “zolim va adolatsiz kimsalar o‘zlarining gap-so‘zlari bilan Alloh qudratining ifodasi bo‘lgan shariatni yo‘q qilmoqchilar”, deganidir. Biroq ular bunga har qancha urinmasinlar, Alloh taolo hikmatlar xazinasi bo‘lgan shariati nurini O‘zi himoya qiladi.


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

25.09.2026   20713   1 min.
Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.

Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari