Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447
Maqolalar

“Diningizda haddan oshmang”

27.10.2025   5171   2 min.
“Diningizda haddan oshmang”

Islom insonlarni mo‘tadillik va o‘rta yo‘lga da’vat etadigan dindir. Unda haddan oshishga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin yo‘q. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda: “Diningizda haddan oshmang va Allohga nisbatan haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat)

Bu oyat orqali musulmonlarga ulkan saboq berilgan. Dinda haddan oshib, chuqurlashish yoki g‘uluv ketish xatarli illatdir.

“G‘uluv” chuqurlashish, haddan oshish ma’nolarini anglatadi. Dinda g‘uluv insonning shariatda belgilangan chegaradan chiqib, bir masalaga haddan ortiq darajada berilib chuqur ketishini bildiradi.

Bunday holat ko‘pincha yaxshi niyat bilan boshlanadi. Dinga ko‘proq amal qilish, taqvodor bo‘lish niyatida o‘zi bilmagan holda chegaradan chiqish yuz beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan niyat bid’at va zalolatgacha olib borishi mumkin.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom g‘uluvdan qat’iy qaytarganlar. Bir hadisda shunday deyiladi:

“Ey Odamlar, dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar! Sizlardan oldingilarni dinda g‘uluvga ketish halok qildi” (Ibn Moja, Nasoiy va Ahmad rivoyati).

Boshqa hadisda esa: “Nasorolar Isoni maqtaganidek, meni maqtamanglar. Men haqimda faqat: “U Allohning bandasi va elchisidir,” deb aytinglar” (Buxoriy rivoyati).

Bu hadislar shunga dalilki, Rasululloh alayhissalom muhabbatda ham mo‘tadil bo‘lishni buyurganlar.

G‘uluvning ko‘rinishlari:

  1. Shaxslarga nisbatan haddan oshish – ba’zi insonlarni haddan ortiq maqtab, ularni xato qilmaydigan darajaga olib chiqadilar. Insonga ta’rif berganda, men bu insonni mana shunday, deb hisoblayman deyish, o‘rta yo‘ldir.
  2. Ibodatda chuqur ketish – jismga yomon ta’sir qilsa ham tun bo‘yi uxlamay ibodat qilishni taqvodorlik deb hisoblash. Rasululloh alayhissalom bu holatni ma’qullamaganlar.
  3. Boshqalarni kofirga chiqarish – o‘z fikriga qo‘shilmagan musulmonni “dindan chiqqan” deb aytish ham g‘uluvning eng xavfli ko‘rinishidir.

Islom dini mo‘tadillikdir. Alloh taolo ummati Muhammadni shunday vasflagan:

“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).

Oyatda musulmonlar har bir ishda, xususan, dinda ham o‘rta yo‘lni tanlashiga chaqirilmoqda. Bu yo‘l – sunnat yo‘lidir.

G‘uluv – yaxshi niyat bilan boshlansa ham, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan islomning yo‘li ibodat va ilmda mo‘tadillikdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi

10.04.2026   4735   3 min.
TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi

Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjuman doirasida tarixiy va madaniy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. TURKSOY tomonidan Markazning Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi. Sertifikat TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu e’tirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.

 

Shuningdek, TURKSOY nomidan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” 100 jildlik kitoblar to‘plami ham sertifikatga sazovor bo‘ldi. Bu kabi keng qamrovli nashr turk dunyosida ilk bor amalga oshirildi va “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” sifatida e’tirof etildi.

 

 

— Bugun biz TURKSOY  xalqaro tashkiloti nomidan uchta sertifikat taqdim etdik. Birinchi sertifikatimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamiga berildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli 100 jildlik nashr hozirgacha turk dunyosida amalga oshirilmagan. Bu, albatta, O‘zbekistonning katta tashabbusi bo‘ldi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston kabi davlatlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, turli hajmdagi — 20, 30, 40, 50 jildlik kitoblar nashr etmoqda. Shuning uchun biz ushbu to‘plamni turk dunyosidagi o‘ziga xos adabiy durdona sifatida e’tirof etib, “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” deb baholab, sertifikat taqdim etdik. Ikkinchi sertifikat esa Islom sivilizatsiyasi markaziga “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” nominatsiyasi bo‘yicha berildi. Buni TURKSOY ning yuksak e’tirofi, deb aytish mumkin. Shuningdek, mazkur muzey TURKSOYning Turk dunyosi muzeylari assotsiatsiyasiga ham qabul qilindi, - dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozog‘istondan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik an’analari, ilm-fan va madaniyat rivoji bo‘yicha o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.

 

– TURKSOYning bu e’tirofi hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurilgan markazimizga berilgan munosib baho bo‘ldi deb o‘ylayman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy va ishonchli hamkorlaridan biri. Biz bu tashkilot  bilan uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelamiz. Joriy yilda ham TURKSOY bilan hamkorlikda xalqaro yoshlar forumi, turkiy davlatlar hunarmandlari festvali singari bir qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldik, - dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.

 

Xorijiy ishtirokchilar ham Temuriylar merosining global ahamiyati, Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy aloqalardagi o‘rni va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

 

Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey va dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha sifatida e’tirof etilgan ushbu Markaz va nashrlar, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy rivojlanishidagi katta yutuq sifatida tarixda qoladi. 

iccu.uz

TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi
O'zbekiston yangiliklari