Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ذَاتَ يَوْمٍ لِأَصْحَابِهِ: قُولُوا سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ مِائَةَ مَرَّةٍ مَنْ قَالَهَا مَرَّةً كُتِبَتْ لَهُ عَشْرًا، وَمَنْ قَالَهَا عَشْرًا كُتِبَتْ لَهُ مِائَةً، وَمَنْ قَالَهَا مِائَةً كُتِبَتْ لَهُ أَلْفًا، وَمَنْ زَادَ زَادَهُ اللهُ، وَمَنِ اسْتَغْفَرَ غَفَرَ اللهُ لَهُ. رَوَى هَذِهِ الثَّلَاثَةَ التِّرْمِذِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalariga:
«Yuz marta «Subhanallohi va bihamdihi» denglar. Kim uni bir marta aytsa, unga o‘n savob yoziladi. Kim uni o‘n marta aytsa, unga yuz savob yoziladi. Kim uni yuz marta aytsa, unga ming savob yoziladi. Kim ziyoda qilsa, Alloh ham ziyoda qiladi. Kim istig‘for aytsa, Alloh uni mag‘firat qiladi», dedilar» (Uchovini Termiziy rivoyat qilgan).
Bu yerda zikrning savobi aytilgan adadidan o‘n barobar ko‘p bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Biz bandalardan zikr qilish bo‘lib tursa, savobini ko‘paytirib berish Alloh taoloning O‘zidandir. U Zotning xazinasi behisobdir, bandaga har qancha ato etilsa ham, zarracha kamaymaydi.
Biz bandalar istig‘for aytishni o‘rniga qo‘ysak bo‘ldi, mag‘firat qilish Alloh taoloning O‘zidandir. U Zot G‘afuru Rohiym Zotdir.
Bu hadisi sharifdan qancha ko‘p zikr qilinsa, shuncha ko‘p savob olinishini bilib oldik. Olganda ham, aytilgan adadning o‘n barobari miqdorida savob olinadi.
Ushbu hadisi sharifga amal qilib, kuniga kamida yuz marta «Subhanallohi va bihamdihi»ni zikr qilib turishimiz lozim.
Shuningdek, «Astag‘firulloh»ni ham kamida yuz marta aytib turishimiz kerak. Boshqa bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari kuniga yuz marta istig‘for aytishlari aytilgan.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.