Savol: O‘rtog‘im telefon oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi. Aytishi bo‘yicha ba’zida odamlar kelib, nasiyaga telefon olishar, keyin shu yerning o‘zida naqdga sotib ketishar ekan. Chunki ularga aslida telefon emas, naqd pul kerak bo‘lar ekan. Ko‘pincha ulardan sotgan o‘rtog‘imning o‘zi qayta sotib olar ekan. Uning shu ishi joiz bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sotuvchi mahsulotni nasiyaga sotgan narxidan ko‘ra arzonroqqa naqd ko‘rinishda sotib olishini shariatda iyna savdosi deyiladi.
Ushbu savdoning haqiqiy ko‘rinishi quyidagicha: naqd pulga muhtoj bo‘lgan odamga qarz beruvchi topilmaydi. Chunki ular odatda foydasiz qarz bergilari kelmaydi. Ustiga foyda qo‘yib berish ribo bo‘lgani uchun qo‘rqadi. Shu bois u qarz berish o‘rniga narxi bir millionlik telefonini nasiya savdo asosida bir million ikki yuz mingga taklif qiladi.
Xaridor aytilgan narx (1 200 000)ga sotib olgandan keyin sotuvchining o‘zi uni naqdga bir millionga qaytarib sotib oladi. Natijada qarz oluvchi ma’lum muddatdan keyin bir million ikki yuz qilib qaytarib berishi shart bo‘lgan bir million naqd pulga, qarz beruvchi esa telefoni o‘zida qolishdan tashqari ikki yuz ming foydaga ham ega bo‘lyapti.
O‘rtog‘ingiz qilayotgan savdoning mohiyati ham ana shuning o‘zi. Shu bois darhol tavba qilib, bu ishini to‘xtatishi lozim. Chunki bu ish ribo yeyishga hiyla bo‘lyapti.
Ammo xaridor bir mahsulotni nasiyaga sotib olib, sotuvchining o‘zi yoki uning vakiliga emas, boshqa odamga naqdga, garchi sotib olganidan arzonroqqa bo‘lsa ham, sotishi mumkin. Agar sotuvchining o‘ziga sotadigan bo‘lsa, u holda olgan narxiga yoki undan qimmatroq narxga sota oladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati